
Angliyada avtobus yo‘l haqi uchun 2 ming yillik qadimiy tanga bilan to‘lov qilingani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Live Science xabar berdi.
Unga ko‘ra, tanga 1950-yillarda avtobus haydovchisi kassasiga tushgan. Avtobus va tramvaylardan yig‘ilgan pullarni sanab chiqadigan kassir soxta yoki xorijiy tangalarni ajratib olib, ularni nabirasiga berib kelgan. Shu tariqa noyob tanga ham oilaga kelib qolgan.
Yillar o‘tib, kassirning nabirasi Piter Edvards kolleksiyasidagi tangani tekshirtirganida uning 2 ming yildan ortiq tarixga ega ekani aniqlangan.
Qadimiy tanga qayerda zarb qilingan
Mutaxassislar tangani qadimgi Finikiya davriga oid deb topdi. U qadimgi Gadir shahrida zarb qilingan.
Tanganing old tomonida Melkart – Finikiyaliklarning xudolaridan biri tasvirlangan, orqa tomonida esa ikki dona ko‘k tuna balig‘i tasviri bor. Bu Gadirda baliqchilik muhim bo‘lganini anglatadi.
Tanga Angliyaga qanday kelgan
Tangani Angliyaga kim va qanday olib kelgani noma’lum. Piter Edvardsning taxminicha, uni urushdan qaytgan askarlar boshqa mamlakatlardan olib kelgan bo‘lishi mumkin.
Keyinchalik Edvards noyob tangani muzeyga sovg‘a qilgan va u yerda ham tangaga taxminan 2 ming yil bo‘lganini tasdiqlashgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan AQShda bir sentlik penni tangasi ishlab chiqarilishi to‘xtatilgani haqida yozgandi.