Zeekr yaxshimi yoki Geely: elektromobillar sovuqda sinaldi

16-mart 2026 11:24 eʼlon qilindi

Sapura Temirxanova

Sapura Temirxanova

Muxbir temirxanovasapura@gmail.com
Ekran tasviri YouTube / Kolesa.kz

Olmaota shahrida qishki sharoitda Zeekr X va Geely Galaxy EX5 elektromobillarining yurish zaxirasi sinovdan o‘tkazildi. Natijada Geely Galaxy EX5 bir zaryadda 276,5 km yo‘l bosdi. Zeekr X esa 237 kmda to‘xtadi.

Sinov qanday o‘tdi

Ekran tasviri YouTube / Kolesa.kz

Sinov Olmaotada qishki ob-havo va tirbandlik sharoitida o‘tkazildi. Unda Zeekr X va Geely Galaxy EX5 elektromobillari ishtirok etdi. Har ikki avtomobil 100 foiz zaryad bilan yo‘lga chiqdi.

Marshrut shahar bo‘ylab aylana shaklida tanlangan. Bir aylana taxminan 39 km bo‘ldi. Mashinalar odatiy sharoitda boshqarildi. Eko yoki sport rejimlari yoqilmadi. Iqlim tizimi 22 darajaga qo‘yildi. Multimedia, telefon zaryadlash va boshqa qulayliklar ham ishlatildi.

Zeekr X natijasi

Ekran tasviri YouTube / Kolesa.kz

Zeekr X sinovda bir zaryadda 237 km yo‘l bosdi. Avtomobil oltinchi aylana oxiriga borib deyarli to‘liq quvvatini tugatdi.

Model ikki elektromotorli, to‘liq tortish tizimiga ega. Quvvati 428 ot kuchini tashkil etadi. Batareyasi 66 kVt/soat. Pasport bo‘yicha yurish zaxirasi 400 km deb ko‘rsatilgan.

Sinov davomida Zeekr X’ning o‘rtacha energiya sarfi yuqori bo‘ldi. Qishda, ayniqsa tirbandlik va pechka ishlagan paytda batareya tezroq kamaygani qayd etildi.

Geely Galaxy EX5 natijasi

Ekran tasviri YouTube / Kolesa.kz

Geely Galaxy EX5 esa 276,5 km yo‘l bosdi. U ettinchi aylana yakunigacha yetib bordi va Zeekr X’dan ancha uzoqroq yurdi.

Bu model bitta elektromotorli va old g‘ildirakdan tortadi. Quvvati 218 ot kuchi. Batareyasi 60,2 kVt/soat. Pasport bo‘yicha yurish zaxirasi 425 km deb ko‘rsatilgan.

Sinovda Galaxy EX5’ning energiya sarfi pastroq chiqdi. Bu esa modelning qishki sharoitda va shaharda tejamkorroq ekanini ko‘rsatdi.

Nega natijalar pasaydi

Sinov mualliflari qishda elektromobil yurish zaxirasi sezilarli kamayishini ta’kidladi. Bunga bir necha omil ta’sir qilgan.

Birinchidan, tirbandlik juda kuchli bo‘lgan. Ba’zi paytlar avtomobillar soatlab deyarli joyida turgan. Ikkinchidan, salonni isitish tizimi katta quvvat talab qilgan. Uchinchidan, qor, namlik va sovuq ham umumiy sarfni oshirgan.

Shu sabab har ikki modelning haqiqiy yurish masofasi pasportdagi ko‘rsatkichdan ancha past chiqdi.

Salon va qulayliklar bo‘yicha farq

Довели ДО НУЛЯ электрокары В МОРОЗ. Тест ЗАПАСА ХОДА в Zeekr X и Geely Galaxy EX5 / Kolesa.kz

Sinov davomida salon qulayligi ham solishtirildi. Zeekr X dizayni va materiallari bilan ko‘proq premium model sifatida baholandi. Biroq ayrim ishtirokchilar unda orqa qatorda sovuqroq bo‘lganini aytdi.

Geely Galaxy EX5 esa oddiyroq ko‘rinsa ham, salonida issiqlik yaxshiroq sezilgani ta’kidlandi. Orqa qatorda ham qulaylik ko‘proq bo‘lgan.

Umuman olganda, ikkita model orasida Geely Galaxy EX5 qishki shaharda yurish zaxirasi bo‘yicha yaxshiroq natija ko‘rsatdi. Zeekr X esa kuchliroq, tezroq va qimmatroq premium model bo‘lsa-da, energiya sarfi yuqoriroq bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Geely Galaxy M7 gibrid krossoveri taqdim etilgandi. Model bir zaryad bilan 225 km elektr rejimida yurishi va umumiy hisobda 1 730 km masofani bosib o‘tishi bilan ajralib turadi.

Shuningdek