O‘zbekiston 2030-yilgacha aviatsiyaga 3,5 milliard dollargacha sarmoya kiritadi

O‘zbekiston 2030-yilga qadar aviatsiya infratuzilmasini rivojlantirishga $3 – $3,5 mlrd investitsiya ajratishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Transport vazirligi Havo transporti boshqarmasi boshlig’i Jamoliddin Nazarov MRO Central Asia Conference Uzbekistan 2026 konferensiyasida ma’lum qildi.
Asosiy investitsiya hajmi $2,5–$2,6 mlrd yangi aviatsiya hubini Toshkentda qurishga yo‘naltiriladi. Loyiha doirasida yiliga 20 mln yo‘lovchini qabul qila oladigan zamonaviy aeroport qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, amalga oshirish muddati 2028–2032 yillarni o‘z ichiga oladi.
Shuningdek, Buxoro shahrida yangi aeroport qurilishi ham ko‘zda tutilgan bo‘lib, uning qiymati $226 mlnni tashkil etadi. Yangi aeroport 2027-yilda foydalanishga topshiriladi.
Infratuzilmani modernizatsiyalashga $223 mln, shuningdek, keyingi to‘rt yil ichida hududiy aeroportlarni rivojlantirishga $400 mlngacha sarmoya kiritish rejalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoroda yangi xalqaro aeroport qurilishi uchun tender e’lon qilingan edi.