
Yevropada 2026-yilgi Jahon chempionati saralashining so‘nggi pley-off uchrashuvlari yakunlandi. To‘rt karra jahon chempioni Italiya yana turnirdan chetda qolgan bo‘lsa, Turkiya 24 yillik tanaffusdan so‘ng mundialga qaytmoqda.
Bosniya va Gersegovina — Italiya 1:1 pen (4:1)

Uchrashuvning 15-daqiqasida Moyze Kin italyanlarni oldinga olib chiqqan bo‘lsa, 41-daqiqada Alessandro Bastoni qizil kartochka olib, jamoasini ozchilikda qoldirdi. Bosniyaliklar safida Xaris Tabakovich burchak zarbasidan so‘ng hisobni tenglashtirdi va o‘yin penaltilar seriyasiga ulandi. Seriyada Esmir Bayraktarevich hal qiluvchi zarbani aniq amalga oshirib, jamoasiga 4:1 hisobidagi g‘alabani keltirdi.
Italiya terma jamoasi tarixda birinchi marta qatorasiga uchta Jahon chempionatini o‘tkazib yubormoqda. Jamoa so‘nggi bor 2006-yili hozirgi murabbiy Jennaro Gattuzo futbolchi bo‘lgan davrda ushbu turnirda g‘olib chiqqan edi. Bosniya va Gersegovina esa 2014-yildan beri ilk bor mundialga yo‘llanma oldi va «B» guruhida Kanada, Shveysariya hamda Qatar bilan o‘ynaydi.
Chexiya — Daniya 2:2 pen (3:1)

Asosiy va qo‘shimcha vaqtlarda jamoalar 2:2 hisobida durang o‘ynadi. Chexiya safida Pavel Shuls 3-daqiqada va Ladislav Kreychi 100-daqiqada gol urgan bo‘lsa, daniyaliklardan 72-daqiqa Yoaxim Andersen va 111-daqiqada Kasper Xyog muvozanatni tikladi. Penaltilar seriyasida Tomash Xori, Tomash Souchek hamda Mixal Sadilekning aniq zarbalari chexlarga g‘alaba taqdim etdi. Daniya safida faqat Kristian Eriksen penaltidan unumli foydalandi.
Chexiya 2006-yildan buyon birinchi marta Jahon chempionatiga yo‘llanma oldi. Ular turnirning «A» guruhida Meksika, Janubiy Afrika va Janubiy Koreyaga qarshi bahs olib boradi. O‘yin davomida chexlar, asosan, himoyaviy o‘yin namoyish etdi va qarshi hujumlarga tayandi.
Turkiya — Kosovo 1:0

Kosovoda o‘tgan keskin uchrashuv taqdirini bitta gol hal qildi. O‘yinning 53-daqiqasida Kerem Akturkog‘lu kiritgan to‘p Turkiyaga minimal hisobdagi g‘alabani keltirdi. Kosovoliklar o‘z tarixida ilk bor mundialga chiqish imkoniyatidan foydalana olmadi.
Ushbu g‘alaba orqali Turkiya terma jamoasi Jahon chempionatiga chiqish bo‘yicha 24 yillik kutishga barham berdi. Jamoa so‘nggi bor 2002-yilgi mundialda ishtirok etgan edi. Turklar «D» guruhida mezbon AQSh, Avstraliya va Paragvay bilan kuch sinashadi.
Shvetsiya — Polsha 3:2

Gollar shousiga aylangan uchrashuvda shvedlar qiyin g‘alabaga erishdi. Antoni Elanga va Gustaf Lagerbilkening gollariga polshaliklar Nikola Zalevski hamda Karol Sviderski javob qaytardi. O‘yin tugashiga ikki daqiqa qolganida, Viktor Gyokeresh jarima maydonchasidagi palapartishlikdan unumli foydalanib, hal qiluvchi golni kiritdi.
Shvetsiya 2018-yildan beri birinchi marta Jahon chempionatida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi. Ular «F» guruhidan joy olib, Niderlandiya, Yaponiya va Tunisga qarshi maydonga tushadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan FIFA prezidenti Eronning «JCh – 2026»dagi ishtiroki haqida fikr bildirgani haqida xabar bergan edi.