Buxoroda Leapmotor avtomobillarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi

16-aprel 2026 11:10 eʼlon qilindi

Lobar Turayeva

Lobar Turayeva

Muxbir l.turayeva@kursiv.media
Leapmotor
Foto: Buxoro viloyati hokimligi

Buxoro viloyatida Leapmotor kompaniyasi bilan hamkorlikda avtomobil ishlab chiqarishni bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi. Bu haqda viloyat hokimligi xabar berdi.

Unga ko‘ra, Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov Zhejiang Leapmotor Technology Co., Ltd. kompaniyasi vitse-prezidenti Ley Ming boshchiligidagi delegatsiya bilan muzokara olib bordi.

Uchrashuvda Buxoro viloyatida avtomobil ishlab chiqarish quvvatlarini bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yish loyihasini amalga oshirish jarayonlari muhokama qilindi. Mazkur loyiha avvalroq davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev raisligidagi yig‘ilishda taqdim etilgan edi.

Rejalarga ko‘ra, ishlab chiqarish hajmi yildan-yilga oshirib boriladi. Dastlabki bosqichda o‘n minglab avtomobillar ishlab chiqarilishi ko‘zda tutilgan bo‘lsa, keyingi yillarda bu ko‘rsatkich yuz minglab donaga yetkazilishi rejalashtirilgan. Loyiha doirasida B10, B10L, A10, C01 va C16 rusumidagi avtomobillarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Loyihaning ishlab chiqarish va daromadlar rejasi 2026-yilda — 20 ming dona avtomobil ($50 mln), 2027-yilda — 40 ming dona avtomobil ($100 mln), 2028-yilda — 60 ming dona avtomobil ($150 mln), 2029-yilda — 100 ming dona avtomobil ($200 mln), 2030-yilda — 150 ming dona avtomobil ($300 mln), 2031-yilda — 200 ming dona avtomobil ($350 mln) belgilangan.

Shuningdek, avtomobil butlovchi qismlarini mahalliylashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Rejaga ko‘ra, bamper, o‘rindiq, oynalar, shinalar, akkumulyator va boshqa ko‘plab komponentlar bosqichma-bosqich O‘zbekistonda ishlab chiqarila boshlaydi.

Loyihaning yana bir muhim jihati — Buxoro viloyatini Markaziy Osiyoda avtomobilsozlik va logistika markaziga aylantirish. Bu nafaqat ichki bozorni ta’minlash, balki qo‘shni davlatlarga eksport imkoniyatlarini ham kengaytirishi kutilmoqda.

Shu bilan birga, loyiha doirasida yangi ish o‘rinlari yaratish ham rejalashtirilgan. Malakali kadrlar tayyorlash uchun esa mamlakatdagi yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Mirziyoyev va Toqayev Buxoroda ishlab chiqarish va tarixiy obidalar bilan tanishgani haqida yozgandi.

Shuningdek