
Turkiya Superligasining 30-turida «Trabzonspor» o‘z maydonida «Istanbul Bashakshehir»ni qabul qildi. Turnir yetakchilaridan biriga qarshi bahsda istanbulliklar so‘nggi daqiqalarda mag‘lubiyatdan qutulib qoldi.
Uchrashuvni Turkiyaning birinchi va ikkinchi to‘purarlari Eldor Shomurodov hamda Pol Onuachu asosiy tarkibda boshladi. To‘purarlar maydonda bo‘lishiga qaramay birinchi taymda darvozalar daxlsizligi saqlab qolindi.

Ikkinchi taymning 72-daqiqasida mezbonlar hisobni ochdi. Filippe Avgusto gol muallifiga aylandi. 75-daqiqada Eldor Shomurodov zaxiraga olindi. Uzoq vaqt jarohatdan davolangan Abbos Fayzullayev 81-daqiqada maydonga tushdi.
Uchrashuv maydon egalarining kichik g‘alabasi bilan tugayotgan bir paytda «Istanbul Bashakshehir» hisobni tenglashtirdi. Karatash uzatgan to‘pni Devi Zelke darvozaga joylab qo‘ydi. Sofascore portali Eldor Shomurodovga 6,7 va Abbos Fayzullayevga 6,4 ball qo‘ygan.
Qayd etilgan durangdan keyin «Istanbul Bashakshehir» 48 ochko bilan 5-o‘rinda joylashgan bo‘lsa, «Trabzonspor» 65 ochko bilan 3-pog‘onani band etib turibdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Eldor Shomurodov Turkiya Superligasida mavsumdagi 14-golini kiritgani haqida xabar bergan edi.