
O‘zbekistonlik himoyachi Abduqodir Husanovning ukasi Abdurahim Husanov «Manchester Siti»ning mashg‘ulotlar bazasiga tashrif buyurdi. Kichik Husanov va angliyalik futbolchi Riko Lyuis birga tushgan surat ko‘pchilikning e’tiborini tortdi.


Himoyachining otasi va ukasi dastlab «shaharliklar»ning «Arsenal»ga qarshi uchrashuvini bevosita stadiondan tomosha qilgan. Tashrif davomida Hikmat Hoshimov va yosh Husanov «Manchester Siti» bosh murabbiyi Pep Gvardiola hamda Fil Foden kabi yetakchi futbolchilar bilan uchrashgan.

Internet foydalanuvchilarining e’tiborini esa kichik Husanov va angliyalik himoyachi Riko Lyuis birgalikda tushgan surat ko‘proq tortdi. Muxlislar ushbu suratda yosh Husanov hamda «Manchester Siti» futbolchisining bo‘yi deyarli teng ekaniga e’tibor qaratishgan.

Ma’lumot o‘rnida, jamoalar o‘rtasidagi uchrashuvda «Manchester Siti» o‘z maydonida Mikel Arteta boshqaruvidagi «Arsenal» klubi ustidan g‘alaba qozondi. Ushbu muhim g‘alaba natijasida «shaharliklar» chempionlik poygasida yaxshi imkoniyatga ega bo‘ldi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Angliya Premyer-ligasi Husanovning o‘yiniga baho bergani haqida xabar bergan edi.