
UEFA Chempionlar ligasining yarim final dastlabki bahsida Madridning «Atletiko» klubi «Metropolitano» stadionida Londonning «Arsenal» klubini qabul qildi. Uchrashuv 1:1 hisobidagi jangovar durang bilan yakunlandi.

Bahs, asosan, asabiy va taktik kurashlar ostida o‘tdi. Birinchi bo‘lim yakunlanishiga oz vaqt qolganida, aniqrog‘i 44-daqiqada «Arsenal»ning shvetsiyalik hujumchisi Viktor Gyokeresh jarima maydonchasida yiqitildi. Uning o‘zi 11 metrlik jarima zarbasini xatosiz amalga oshirib, londonliklarni hisobda oldinga olib chiqdi – 0:1.

Ikkinchi bo‘limda maydon egalari bosimni kuchaytirdi. 56-daqiqada «Arsenal» himoyachisi Ben Uayt o‘z jarima maydonchasida to‘pni qo‘li bilan o‘ynagani uchun VAR tizimi orqali uchrashuvdagi ikkinchi penalti belgilandi. Bu imkoniyatdan «Atletiko»ning argentinalik hujumchisi Xulian Alvares unumli foydalanib, muvozanatni tikladi – 1:1.
63-daqiqada madridliklar yetakchisi Antuan Grizmanning ajoyib zarbasi darvoza to‘siniga tegib qaytdi. Uchrashuvning eng muhokamali vaziyati esa 78-daqiqada yuz berdi. Bosh hakam Danni Makkelie londonliklar foydasiga yana bir penalti belgiladi. Biroq VAR mutaxassislarining aralashuvidan so‘ng hakam vaziyatni monitorda takroran ko‘rib chiqdi va o‘z qarorini bekor qildi.
Endilikda final chiptasi masalasi Londonda hal qilinadi. Jamoalar o‘rtasidagi hal qiluvchi javob uchrashuvi 5-maydan 6-mayga o‘tar kechasi Toshkent vaqti bilan soat 00:00 da Londonning «Emireyts» stadionida bo‘lib o‘tadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan PSJ o‘z maydonida «Bavariya»ni 5:4 hisobida mag‘lub etgani haqida xabar bergan edi.