
Samarqandda o‘tgan 46-Butunjahon shaxmat Olimpiadasi O‘zbekiston uchun tarixiy natijalar bilan yakunlandi. Kursiv Uzbekistan muxbiri musobaqaning so‘nggi kuni va taqdirlash marosimidan fotoreportaj tayyorladi.
O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi 20 ochko jamg‘arib, Olimpiada chempioniga aylandi. Bu milliy jamoaning 2022-yildan keyingi ikkinchi Olimpiada oltini bo‘ldi.
O‘zbekiston ikkinchi bor Olimpiada chempioni bo‘ldi

Hal qiluvchi 11-turda O‘zbekiston Ukraina terma jamoasiga qarshi o‘ynadi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, O‘zbekiston birinchi, Hindiston ikkinchi, Germaniya esa uchinchi o‘rinni egalladi.

O‘zbekiston tarkibida Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindarov, Nodirbek Yoqubboyev, Muhiddin Madaminov va Shamsiddin Vohidov ishtirok etdi.

FIDE yakunlariga ko‘ra, Javohir Sindarov erkaklar turnirining eng yaxshi shaxmatchisi deb topildi. Nodirbek Abdusattorov esa birinchi taxtadagi natijasi uchun oltin medalni qo‘lga kiritdi.

Ayollar bahsida Xitoy terma jamoasi chempion bo‘ldi. O‘zbekiston ayollar jamoasi esa 11 tur yakunida 13-o‘rinni egalladi.

Samarqanddagi Olimpiadada O‘zbekiston parashaxmatchilari ham tarixiy natija qayd etib, jamoaviy bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Olimpiadaning yakuniy yopilish marosimi ko‘tarinki ruhda o‘tdi.


Mazkur shaxmat olimpiadasi doirasida o‘tkazilgan FIDE Bosh assambleyasida Timur Turlov Xalqaro shaxmat federatsiyasi prezidenti etib saylandi. Turlovning prezidentlik tandemidagi sherigi Vishvanatan Anand bo‘ldi.


Bayram tadbiri kuy-qo‘shiqlar, raqslar, har bir davlat ishtirokchilarining tantanali chiqishi va mushakbozlik bilan yakunlandi.





Eslatib o‘tamiz, avvalroq Javohir Sindarov Samarqandda o‘tgan 46-Jahon shaxmat olimpiadasida ikkinchi oltin medal qo‘lga kiritilgach o‘tkazilgan matbuot anjumanida O‘zbekistonda shaxmat rivoji, muxlislar qo‘llab-quvvatlashi va kelgusi maqsadlari haqida gapirgandi.