
AQShning Kaliforniya shtati prokuraturasi 44 yoshli pop-yulduz Britni Spirsni alkogol va giyohvand modda ta’sirida avtomobil boshqarganlikda aybladi. Bu haqda CNN xabar berdi.
Kaliforniya yo‘l-patrul xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Spirs 4-mart kuni o‘z uyiga yaqin bo‘lgan US 101 trassasida o‘zining qora rangli BMW avtomobilini yuqori tezlikda hamda xavfli tarzda boshqargani uchun to‘xtatilgan. Voqea joyida o‘tkazilgan hushyorlik testlaridan o‘ta olmagan xonanda, Ventura okrugi turmasiga olib ketilgan va ertasi kuni garov evaziga ozod qilingan.

Jinoiy ish hujjatlarida aynan qanday alkogol yoki giyohvand moddalar va qancha miqdorda iste’mol qilingani ochiqlanmagan. Xonandaning vakillari hozircha bu holat yuzasidan rasmiy izoh berishmadi. Politsiya o‘z tekshiruvlarini yakunlab, ishni prokuraturaga oshirgan.
Prokuraturaning ta’kidlashicha, xonanda birinchi marta bunday qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygani, avtohalokat sodir etmagani hamda qonida alkogol miqdori nisbatan past bo‘lgani sababli, ish standart protokol asosida ko‘rib chiqiladi.
Eslatib o‘tamiz, Mickey Mouse Club yulduzi hisoblangan Britni Spirs 1990 va 2000-yillarda Toxic, Gimme More kabi xitlari bilan dunyoga tanilgan. Ruhiy muammolari sababli 2008-yildan 2021-yilgacha otasining qat’iy vasiyligi ostida yashagan xonanda so‘nggi yillarda ijodiy faoliyatini deyarli to‘xtatgan edi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Blackpink YouTube’da 100 million obunachi to‘plagan ilk musiqa guruhi bo‘lgani haqida xabar bergan edi.