
Shvetsiyaning Malmyo shahrida bo‘lib o‘tgan Tepe Sigeman 2026 turnirida o‘zbekistonlik shaxmatchi Nodirbek Abdusattorov mag‘lubiyatsiz ishtirok etib, kuchli uchlikdan joy oldi. Turnir chempionligi esa norvegiyalik Magnus Karlsenga nasib etdi.
Nodirbek Abdusattorov turnir davomida barqaror o‘yin namoyish etdi. U 7 tur natijasiga ko‘ra, 1 ta g‘alaba va 6 ta durang qayd etib, jami 4 ochko jamg‘arishga muvaffaq bo‘ldi. Bironta ham partiyada mag‘lub bo‘lmagan hamyurtimiz yakunda kuchli uchlikka kirdi.

Turnir g‘olibligi norvegiyalik shaxmat afsonasi Magnus Karlsenga nasib qildi. Klassik bahslarning so‘nggi turida 14 yoshli turkiyalik Yagiz Kaan Erdogmusni mag‘lub etgan Karlsen hindistonlik Arjun Erigaisi bilan bir xil — 5 ochko to‘pladi. Chempion nomi tay-brekda aniqlandi va unda Karlsen o‘z tajribasini ishga solib, g‘alabani ilib ketdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Nodirbek Abdusattorov 16 yoshli amerikalik vunderkind bilan to‘qnash kelishi haqida xabar bergan edi.