
Manchester shahridagi Co-op Live Arena majmuasida o‘tkazilgan professional boks kechasi o‘zbekistonlik sportchilar uchun yorqin g‘alabalar bilan yakunlandi.
Super og‘ir vazn toifasida ringga ko‘tarilgan Bahodir Jalolov xorvatiyalik Agron Smakichiga qarshi to‘liq ustunlik namoyish etdi. 10 raundga mo‘ljallangan jangning 8-raundi oldidan Smakichining jamoasi bahsni davom ettirishdan bosh tortdi va natijada hakam texnik nokaut orqali g‘alabani Jalolovga berdi. Bu bilan u professional faoliyatidagi 18-jangida ham 18-g‘alabasini qayd etdi.
Turnir doirasida yana bir o‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustasi, havaskorlar o‘rtasida jahon chempioni bo‘lgan Javohir Ummataliyev ham prof ringdagi ikkinchi jangini o‘tkazdi. Yarim og‘ir vazn toifasidagi uchrashuvda u polshalik Damian Drabikni ikkinchi raunddayoq nokautga uchratib, ishonchli g‘alabaga erishdi.
Avvalroq «Kursiv» nashri o‘zbekistonlik besh nafar bokschi WBC reytingining kuchli o‘nligidan joy olgani haqida yozgandi.