
FC Barcelona bosh murabbiyi Hansi Flickning otasi vafot etdi. Bu haqda klub matbuot xizmati rasmiy bayonot bilan chiqdi.
Ma’lum qilinishicha, fojeali hodisa 10-may tongida yuz bergan. Klub murabbiy va uning oilasiga hamdardlik bildirib, ushbu og‘ir damlarda qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qilgan.
Voqea aynan Ispaniya futbolidagi eng muhim qarama-qarshiliklardan biri — El Clasico kuni sodir bo‘ldi. Kataloniyaliklar bu kunda doimiy raqibi Real Madrid CF’ga qarshi maydonga tushadi.
Xabarlarga ko‘ra, Flik ertalab jamoa futbolchilari va klub rahbariyatiga otasining vafoti haqida ma’lum qilgan. Shunga qaramay, u jamoani tark etmaslikka qaror qilgan va muhim uchrashuvda «Barselona»ni boshqaradi.
La Liga 36-turi doirasidagi ushbu bahs kataloniyaliklar uchun chempionlik masalasida hal qiluvchi ahamiyatga ega. Agar «Barselona» mag‘lub bo‘lmasa, Flik ketma-ket ikkinchi bor Ispaniya chempionligini qo‘lga kiritishi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Real Madrid» klubi futbolchilari Federiko Valverde va Orelen Chuameni o‘rtasida yuzaga kelgan mushtlashuv ortidan Valverde shifoxonaga yotqizilgani haqida yozgandi.