Eldor Shomurodov Turkiya Superligasida mavsum to‘purari bo‘ldi

18-may 2026 08:07 eʼlon qilindi

Sardor Saidov

Sardor Saidov

Muxbir sardor.orifovich@gmail.com
Eldor Shomurodov
Foto: Instagram / Eldor Shomurodov

Turkiya Superligasida mavsum yakunlariga ko‘ra, Eldor Shomurodov nigeriyalik Pol Onuachu bilan birgalikda eng ko‘p – 22 tadan gol urib, mavsum to‘purari nomiga sazovor bo‘ldi.

Foto: Instagram / Eldor Shomurodov

So‘nggi o‘yinda «Trabzonspor» hujumchisi Pol Onuachu gol ura olmadi. Nigeriyalik futbolchi oxirgi besh uchrashuvda o‘z hisobiga bittayam gol yozdirib qo‘ya olmagan bir paytda, Eldor Shomurodov so‘nggi 6 ta o‘yinda 6 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi.

Foto: Telegram

Eldor penaltisiz urilgan gollar va gol+pas tizimi bo‘yicha ham eng yaxshi ko‘rsatkichga ega bo‘ldi. Asosiy raqobatchisi Onuachu hisobida 6 ta penaltidan urilgan gol mavjud bo‘lsa, o‘zbekistonlik hujumchida bu ko‘rsatkich 4 tani tashkil etadi.

Foto: Telegram

Statistik tahlillarga ko‘ra, Eldor xG (kutilgan gollar) ko‘rsatkichi bo‘yicha kuchli o‘nlikka kirmagan bo‘lsa-da (0,47 bilan 11-o‘rin), yuqori darajadagi realizatsiyasi bilan ajralib turdi. Taqqoslash uchun, Viktor Osimxen har o‘yinda o‘rtacha 0,89, Taliska esa 0,75 xG ga ega bo‘lgan. Bu esa Shomurodov kamroq imkoniyatlardan ko‘proq foydalanganini anglatadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shomurodovning goli «Bashakshehir»ga mavsumdagi so‘nggi g‘alabani taqdim etgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek