«Qadam. Quyosh bolasi Yusuf» qisqa metrajli filmining mualliflari «Kelajak bunyodkori» medali bilan taqdirlandi

20-may 2026 07:50 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Kann festivalida Gran-pri olgan ijodkorlar medal bilan taqdirlandi
Foto: Kinematografiya agentligi

Kann festivalida Gran-pri olgan «Qadam. Quyosh bolasi Yusuf» qisqa metrajli filmining mualliflari «Kelajak bunyodkori» medali bilan mukofotlandi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar bermoqda.

Erkin ijodkor, ssenarist va kinorejissyor Suhrob Qodirov va S.A.Gerasimov nomidagi Butunrossiya davlat kinematografiya institutining Toshkent shahridagi filiali talabasi, kinorejissyor Dilshodbek Usmonov taqdirlangan. Ushbu film Fransiyaning Kann shahrida o‘tkazilgan inklyuziv filmlar xalqaro festivalida muvaffaqiyatli ishtirok etgan. Film festivalning bosh sovrini, Gran-priga sazovor bo‘lgan.

Film nima haqida

Foto: Kinematografiya agentligi

Kinematografiya agentligi buyurtmasi asosida «Yoshlik» kinostudiyasi tomonidan suratga olingan «Qadam. Quyosh bolasi Yusuf» qisqa metrajli filmi mehr, matonat va insoniylik g‘oyalarini aks ettiradi. Film markazida daun sindromi bilan tug‘ilgan Yusuf obrazi turadi. U hayotga ishonch bilan qaraydigan, qalbida cheksiz mehr va nur saqlagan bola sifatida tasvirlanadi. Yusufning musiqaga bo‘lgan muhabbati uning ichki dunyosini ochib beruvchi asosiy jihatlardan biri hisoblanadi.

Foto: Kinematografiya agentligi

Kinokartinada Yusufning onasi Zilola obrazi ham muhim o‘rin egallaydi. U farzandining jamiyatda o‘z o‘rniga ega ekanini isbotlash, uning imkoniyatlarini boshqalarga ko‘rsatish va unga munosib sharoit yaratish uchun kurashadi. Filmda alohida ehtiyojli bolalarga mehr, e’tibor va tushunish bilan yondashish zarurligi ilgari suriladi. Asarda inson qadri, ona mehri va jamiyatdagi inklyuziv muhit masalalari badiiy talqinda yoritilgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri ikkinchi jahon urushida o‘zbek askarini qutqargan britaniyaliklar «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlangani haqida yozgan edi.

Shuningdek