Ebola JChga ham ta’sir qildi: O‘zbekiston raqibi Kongo AQShga kira olmasligi mumkin

eʼlon qilindi
Yangiliklar muharriri
Ayni paytda futbolchilarning aksariyati Fransiyada o‘ynaydi
Эбола
O‘zbekiston raqibi Kongo AQShga kira olmasligi mumkin / Foto: Sportbox.ru

O‘zbekistonning 2026-yilgi JChdagi raqibi Kongoda Ebola avj olgani sababli jamoaning chempionatda ishtirok etish uchun AQShga kirishi taqiqlanishi mumkin. ESPN xabariga ko‘ra, Oq uy ishchi guruhi rahbari Endryu Juliani Afrika jamoasi turnirda qatnashish uchun 21 kunlik karantindan o‘tishi kerakligini ma’lum qilgan.

Uning ta’kidlashicha, AQSh rasmiylari FIFA hamda Kongo hukumatini xabardor qilgan va kongolik futbolchilar hozirda Belgiyada o‘tayotgan mashg‘ulot yig‘inida bio-xavfsizlik rejimini qat’iy saqlashi shart.

«Biz Kongo hukumatiga aniq qilib aytdikki, ushbu rejim buzilsa, jamoa AQShga kira olmasligi mumkin. Bundan-da aniqroq javob berishning iloji yo‘q», – dedi u.

Julianining ta’kidlashicha, Vashington Jahon chempionati davomida xavfsizlik va sog‘liq masalalariga juda jiddiy yondashmoqda.

ESPNning yozishicha, Kongo terma jamoasi futbolchilari va bosh murabbiy Sebastyen Desabre mamlakat tashqarisida bo‘lib, ularning aksariyati Fransiyada to‘p suradi. Biroq jamoa xodimlarining bir qismi shu hafta Kongo Respublikasidan chiqib ketgan.

Endryu Julianining aytishicha, agar jamoaga yangi a’zolar qo‘shilsa, ular asosiy tarkibdan alohida saqlanishi kerak bo‘ladi. Agar ulardan birida Ebola alomatlari aniqlansa, jamoaning musobaqadagi ishtiroki xavf ostida qolishi mumkin.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston futbolchilari Kongo Demokratik Respublikasi bilan 27-iyun kuni saralash bosqichi doirasida uchrashishi kutilmoqda.

O‘tgan hafta Kongo hukumati Ebola virusining kam uchraydigan Bundibugyo shtammi tarqalganini ma’lum qilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, virus 130 dan ortiq odamlarning hayotiga zomin bo‘lgan, taxminan 600 kishi esa zararlangan bo‘lishi mumkin.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ushbu holatni xalqaro sog‘liqni saqlash sohasidagi favqulodda vaziyat deb e’lon qilgan. Shuningdek, AQSh Kongoga, Uganda va Janubiy Sudanga so‘nggi 30 kun ichida borgan xorijliklarning kirishini vaqtincha taqiqlashi mumkinligi aytilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq BMT Kongoda Ebola tarqalishiga qarshi 60 million dollar ajratishi va zarur mutaxassislarni safarbar qilishi haqida xabar qilgan edik.

Shuningdek