
Xiaomi kompaniyasi Xitoyda Xiaomi YU7 Standard Edition elektr krossoverini xaridorlarga yetkazishni boshladi. Model narxi 235,5 ming yuandan boshlanadi. Bu taxminan $34,6 mingga teng.
Yangi versiya avvalgi boshlang‘ich YU7 modelidan 20 ming yuan arzonroq. Bu esa taxminan $2,9 ming farqni anglatadi. Xiaomi ushbu model orqali YU7 savdosini oshirishni maqsad qilmoqda. Xiaomi YU7 Standard Edition 21-may kuni yuqori unumdor YU7 GT versiyasi bilan bir vaqtda bozorga chiqarilgan. Kompaniya arzonroq komplektatsiya orqali birinchi SUV modeliga talabni kuchaytirmoqchi.

China EV DataTracker ma’lumotlariga ko‘ra, Xiaomi aprel oyida Xitoyda 9,8 ming dona YU7 yetkazib bergan. Bu mart oyiga nisbatan 27,2 foizga kam. Shu sababli yangi Standard Edition savdoni tiklashda muhim rol o‘ynashi mumkin.
Xiaomi YU7 Standard Edition orqa o‘qda joylashgan bitta elektromotor bilan jihozlangan. Motor 235 kVt, ya’ni 315 ot kuchi quvvat ishlab chiqaradi. Krossover 100 km/soat tezlikka 5,9 soniyada chiqadi. Avtomobilning maksimal tezligi 220 km/soatni tashkil etadi. Unga CATL kompaniyasi ishlab chiqargan 73 kVt/soat sig‘imli Shenxing LFP akkumulyatori o‘rnatilgan. CLTC sikli bo‘yicha yurish zaxirasi 643 kmga yetadi.
ESlatib o‘tamiz, «Kursiv» Xiaomi YU7 elektromobilining arzonroq versiyasi taqdim etilgani haqida yozgan edi.