
Honor kompaniyasi dizayn va sun’iy intellekt funksiyalariga urg‘u berilgan yangi Honor 600e smartfonini global bozorga taqdim etdi. Bu haqda Huawei central ma’lum qildi.
Yangi model pastel ranglardagi uch xil korpus varianti — Vital Green (yashil), Desert Gold (oltinrang) va Velvet Gray (kulrang) ranglarida, mat qoplama hamda metall ramka bilan ishlab chiqarilgan.

Smartfon 6,6 dyuymli AMOLED displey bilan jihozlangan bo‘lib, 1200×2600 piksel aniqlik, 120 Hz yangilanish chastotasi va 6500 nitgacha bo‘lgan yuqori yorqinlikni qo‘llab-quvvatlaydi. Qurilma MediaTek Dimensity 7100 protsessori asosida ishlaydi va 24 GB gacha operativ xotira hamda 512 GB gacha doimiy xotira bilan taqdim etiladi.

Kamera imkoniyatlari ham kengaytirilgan: asosiy kamera 108 MP sensor, 5 MP ultra keng burchakli modul hamda 16 MP old kamera bilan jihozlangan. Qurilmaning asosiy yangiligi sifatida sun’iy intellekt funksiyalari kiritilgan bo‘lib, u tasvirlarni videoga aylantirish, fotosuratlardagi obyektlarni tahrirlash, portretlarni yaxshilash hamda matn va subtitrlar bilan ishlash imkonini beradi. Shuningdek, tezkor SI funksiyalariga kirish uchun maxsus tugma ham mavjud.

Smartfon 6520 mA/soat sig‘imli akkumulyator va 45 Vt tezkor zaryadlash tizimi bilan ta’minlangan. Qurilmaning Yevropa bozoridagi taxminiy narxi 500 yevro atrofida ekani ma’lum qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq kompaniya Honor Play 11 Plus smartfonini rasman taqdim etgan edi.