Yevropa bozorida Xitoy elektromobillarining ulushi 15 foizga oshdi

eʼlon qilindi
Aprelda ular jami 38 mingdan ortiq toʻliq elektr avtomobil sotgan
Foto: Depositphotos.com

Joriy yilning aprel oyida Xitoy avtomobil ishlab chiqaruvchilarining Yevropa elektromobil bozoridagi ulushi ilk bor 15 foizdan oshdi. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.

Taʼkidlanishicha, BYD va Chery kabi kompaniyalarning Yevropadagi savdosi bir yil ichida ikki baravardan koʻproqqa oshgan. Aprelda ular jami 38 mingdan ortiq toʻliq elektr avtomobil sotgan. Xitoy brendlari Yevropada asosan narxga eʼtibor beradigan xaridorlarni jalb qilmoqda. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar esa arzon elektromobillar taklif qilishda qiyinchilikka duch kelmoqda.

Bloombergʼning qayd etishicha, Xitoy kompaniyalari texnologik jihatdan ham raqobatni kuchaytirmoqda. Bu Yevropa avtomobil ishlab chiqaruvchilariga bosimni oshiryapti.

Xitoy brendlari plagin gibridlar segmentida ham faol oʻsmoqda. Aprel oyida ularning bu yoʻnalishdagi ulushi qariyb 29 foizga yetgan.

Yevropa Ittifoqi Xitoy elektromobillariga qoʻshimcha bojlar joriy qilgan. Biroq bu chora Xitoy brendlarining bozordagi oʻsishini sezilarli darajada sekinlashtirmagan. Xitoy kompaniyalari bojlar taʼsirini kamaytirish uchun Yevropada ishlab chiqarishni kengaytirmoqda. Jumladan, BYD Yevropa Ittifoqida oʻz zavodlarini qurmoqda.

Bu kompaniyalarga logistika xarajatlarini kamaytirish va mahalliy bozorga tezroq moslashish imkonini beradi. Aprelda BYD Yevropada avtomobil roʻyxatga olish koʻrsatkichini 114 foizdan koʻproqqa oshirdi. Kompaniya bir oyda 27 mingdan ortiq avtomobil yetkazdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan AQShda Xitoy avtomobillarini toʻliq taqiqlash masalasi koʻrib chiqilayotgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek