Yevropa bozorida Xitoy elektromobillarining ulushi 15 foizga oshdi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Aprelda ular jami 38 mingdan ortiq to‘liq elektr avtomobillar sotgan
Foto: Depositphotos.com

Joriy yilning aprel oyida Xitoy avtomobil ishlab chiqaruvchilarining Yevropa elektromobil bozoridagi ulushi ilk bor 15 foizdan oshdi. Bu haqda Bloomberg xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, BYD va Chery kabi kompaniyalarning Yevropadagi savdosi bir yil ichida ikki baravardan koʻproqqa oshgan. Aprelda ular jami 38 mingdan ortiq toʻliq elektr avtomobil sotgan. Xitoy brendlari Yevropada, asosan, narxga e’tibor beradigan xaridorlarni jalb etmoqda. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar esa arzon elektromobillar taklif qilishda qiyinchilikka duch kelayotir.

Bloombergʼning qayd etishicha, Xitoy kompaniyalari texnologik jihatdan ham raqobatni kuchaytirmoqda. Bu Yevropa avtomobil ishlab chiqaruvchilariga bosimni oshiryapti.

Xitoy brendlari plagin gibridlar segmentida ham faol oʻsmoqda. Aprel oyida ularning bu yoʻnalishdagi ulushi qariyb 29 foizga yetgan.

Yevropa Ittifoqi Xitoy elektromobillariga qoʻshimcha bojlar joriy qilgan. Biroq bu chora Xitoy brendlarining bozordagi oʻsishini sezilarli darajada sekinlashtirmagan. Xitoy kompaniyalari bojlar ta’sirini kamaytirish uchun Yevropada ishlab chiqarishni kengaytirmoqda. Jumladan, BYD Yevropa Ittifoqida oʻz zavodlarini qurmoqda.

Bu kompaniyalarga logistika xarajatlarini kamaytirish va mahalliy bozorga tezroq moslashish imkonini beradi. Aprelda BYD Yevropada avtomobil roʻyxatga olish koʻrsatkichini 114 foizdan koʻproqqa oshirdi. Kompaniya bir oyda 27 mingdan ortiq avtomobillar yetkazdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan AQShda Xitoy avtomobillarini toʻliq taqiqlash masalasi koʻrib chiqilayotgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek