
Xitoyning Meng Xiaoyi startapi itlarning hurishi va mushuklarning miyovlashini inson tiliga «tarjima qiladigan» aqlli bo‘yinbog‘ni taqdim etdi. Bu haqda TCH nashri xabar berdi.
PettiChat deb nomlangan qurilma sun’iy intellekt yordamida ishlaydi. U hayvonning bo‘yniga taqiladi va og‘irligi atigi 27 grammni tashkil etadi.
Qurilmaga mikrofonlar, harakat datchiklari va akselerometrlar o‘rnatilgan. Ular hayvonning tovushlari, harakatlari va xulq-atvorini kuzatib boradi. To‘plangan ma’lumotlar Alibaba Cloud kompaniyasining Qwen sun’iy intellekt modeli orqali tahlil qilinadi.
Ishlab chiquvchilarga ko‘ra, tizim ma’lumotlarni qayta ishlab, taxminan 1,2 soniya ichida egasining smartfoniga «tarjima qilingan» xabar yuboradi.
Kompaniya qurilmaning aniqlik darajasi 94,6 foiz ekanini da’vo qilmoqda. Biroq bu ko‘rsatkichni tasdiqlovchi mustaqil ilmiy tadqiqotlar hozircha e’lon qilinmagan.
Tahlilchilar esa bunday bayonotlarga ehtiyotkorlik bilan yondashmoqda. Ularning fikricha, zamonaviy sun’iy intellekt hayvonlarning quvonch, qo‘rquv yoki bezovtalik kabi holatlarini aniqlashi mumkin. Ammo ularning tovushlarini to‘liq inson tiliga tarjima qilish imkoniyati hali ilmiy jihatdan isbotlanmagan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Xitoyda 126 mln ga yaqin uy hayvoni bor va aqlli qurilmalarga bo‘lgan qiziqish tobora ortib bormoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Gonkong aeroportida miyovlaydigan 8 metrli ulkan mushuk o‘rnatilgani xabar qilingandi. Mazkur loyiha sayohatchilarni uzoq parvozdan so‘ng charchoq va stressdan chalg‘itish maqsadida yaratilgan.