Bulg‘or qalampiri arzonladi, qo‘y go‘shti esa qimmatlashdi: Toshkent bozorlarida narxlar tahlili

Iqtisodiyot va moliya vazirligi Toshkent ulgurji bozorlaridagi may–iyun oylaridagi narxlar dinamikasini e’lon qildi. Kursiv Uzbekistan infografikalar tahlili asosida mahsulotlar qanchaga arzonlashgani yoki qimmatlashganini hisoblab chiqdi.
Mavsumiy omil: sabzavotlar keskin arzonlashdi
Yozning boshlanishi va bozorlarga yangi hosilning kirib kelishi fonida, Yangi Qo‘yliq dehqon bozorida («Food city» majmuasi) deyarli barcha turdagi mahalliy sabzavotlar narxi sezilarli darajada pasaygan.
Eng katta pasayish bulg‘or qalampiri va sarimsoqpiyozda kuzatildi — har ikkala mahsulotning maksimal narxi bir oyda 10 000 so‘mga tushdi. Pomidor narxi ham barqarorlashib, maksimal qiymati 22 000 so‘mdan 13 000 so‘mga (-9 000 so‘m) pastladi. Baqlajon esa ikki barobar arzonlashib, 12 000 so‘mdan 6 000 so‘mga tushgan.
Kartoshkaning minimal narxi 2 000 so‘mgacha (-2 000 so‘m), sabzining maksimal narxi 3 000 so‘mgacha (-500 so‘m) pasaydi. Karamning maksimal narxi esa 1 100 so‘mni tashkil etmoqda.
Yangi mavsum hamyonboplik olib keldi — tarvuzning minimal narxi 3 000 so‘mga (-4 000 so‘m) tushgan bo‘lsa, qovunning maksimal narxi 9 000 so‘mga (-1 000 so‘m) pasaydi.
Biroq, bu tendensiyadan piyoz mustasno bo‘ldi: uning minimal narxi 500 so‘mga, maksimal narxi esa 2 500 so‘mga (+800 so‘m) ko‘tarilgan.
Go‘sht, guruch va import mevalarda o‘sish
Sabzavotlardan farqli olaroq, go‘sht va ayrim import tovarlar segmentida narxlar yuqoriladi:
«Eski juva» bozorida mol go‘shti narxi barqaror qolgan bo‘lsa-da (75 000 – 106 000 so‘m), qo‘y go‘shtining maksimal narxi 117 000 so‘mdan 130 000 so‘mga (+13 000 so‘m) qimmatlashdi. Shuningdek, import qo‘y go‘shtining eng yuqori bahosi ham 130 000 so‘mga yetgan.
Lazer guruchining minimal narxi 2 000 so‘mga oshib, 12 000 so‘mni tashkil qildi. Tropik mevalar ichida ananas keskin qimmatlashib (maksimal narxi), bir donasi 50 000 so‘mga (+25 000 so‘m) chiqdi, limonning maksimal narxi esa 50 000 so‘mga (+8 000 so‘m) yetdi. Banan esa aksincha, biroz arzonlashib, maksimal 19 000 so‘mdan sotilmoqda.
Olma, nok, uzum, behi va dukkakli mahsulotlar (mosh, no‘xat, loviya) narxlari bir oy davomida mutlaqo o‘zgarishsiz qoldi.
Ma’lumotlar qanday to‘planadi?
- Yangi Qo‘yliq dehqon bozori («Food city» majmuasi): Bu yerda 26 turdagi meva, sabzavot va poliz mahsulotlarining ulgurji narxlari kunlik ravishda tonggi soat 5:00 dan 7:00 gacha bo‘lgan vaqtda to‘planadi.
- «Eski juva» («Chorsu») dehqon bozori: Mol va qo‘y go‘shtining ulgurji narxlari bo‘yicha ma’lumotlar tungi savdo vaqtida — kechki soat 22:00 dan tun sahargi 2:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida qayd etiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Markaziy bankning 2026-yil aprel oyi yakunlari bo‘yicha o‘tkazgan so‘roviga tayanib, O‘zbekistonda aholi tomonidan sezilgan inflyatsiya darajasi o‘rtacha 11,1 foizni tashkil etgani haqida xabar bergan edi.