O‘zbekiston Niderlandiyaga dramatik bahsda imkoniyatni boy berdi

9-iyun 2026 07:54 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Foto: O‘FA

O‘zbekiston milliy terma jamoasi Nyu-Yorkda o‘tgan o‘rtoqlik uchrashuvida Niderlandiyaga 1:2 hisobida yutqazdi. Fabio Kannavaro shogirdlari 90+2-daqiqada hisobni tenglashtirdi, ammo yakunda durangni saqlab qola olmadi.

Uchrashuvning ilk daqiqalaridan Niderlandiya terma jamoasi faolroq o‘ynadi. Mezbonlar to‘p nazoratida ustunlik qildi va O‘tkir Yusupov darvozasi oldida bir necha xavfli vaziyat yaratdi.

30-daqiqada hakam Jahongir O‘rozovning Krisensio Summervillega nisbatan qo‘polligidan keyin penalti belgiladi. To‘p oldiga Kodi Gakpo keldi. U zarbani aniq amalga oshirib, Niderlandiyani hisobda oldinga olib chiqdi.

Foto: O‘FA

O‘tkazib yuborilgan goldan keyin O‘zbekiston hujumlarni kuchaytirdi. Abbosbek Fayzullayev va Eldor Shomurodov orqali oldinga o‘tishlar ko‘paydi. Biroq birinchi bo‘limda hisobni tenglashtirish imkoni bo‘lmadi.

Ikkinchi bo‘limda O‘zbekiston terma jamoasi ancha dadil harakat qildi. Maydonga Dostonbek Hamdamov, Igor Sergeyev va Jamshid Iskanderov tushirildi. Bu o‘zgarishlar jamoaning hujumdagi faolligini oshirdi.

87-daqiqada o‘yinning muhim epizodi yuz berdi. VAR tekshiruvidan so‘ng Niderlandiya yarim himoyachisi Gus Til qizil kartochka oldi. U qo‘li bilan o‘ynab, aniq gol vaziyatini to‘xtatgani uchun maydondan chetlatildi. Qoidabuzarlik jarima maydoni tashqarisida sodir bo‘lgani sabab penalti belgilanmadi.

Gol

Raqib bir kishi kam bo‘lib qolganidan keyin O‘zbekiston bosimni kuchaytirdi. 90+2-daqiqada Igor Sergeyev himoyachilar xatosidan unumli foydalandi va to‘pni darvozaga yo‘lladi. Hisob 1:1 bo‘ldi. Ammo uchrashuv yakunida yana dramatik vaziyat yuz berdi. Qo‘shib berilgan daqiqalarda VAR aralashuvidan keyin O‘zbekiston darvozasi tomon penalti belgilandi. To‘p oldiga yana Gakpo keldi va ikkinchi bor aniq zarba berdi.

Shu tariqa Niderlandiya O‘zbekiston ustidan 2:1 hisobida g‘alaba qozondi. Kodi Gakpo uchrashuvda ikkita gol urdi. O‘zbekiston esa so‘nggi daqiqalarda hisobni tenglashtirganiga qaramay, yakunda mag‘lubiyatga uchradi.

Abduqodir Husanov uchrashuvni to‘liq o‘tkazdi. Fabio Kannavaro boshchiligidagi terma jamoa kuchli raqibga qarshi oxirigacha kurashdi, biroq dramatik yakunda imkoniyatni boy berdi.

Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekiston Niderlandiyaga qarshi o‘yinga qanday tayyorgarlik ko‘rgani haqida yozgan edi.

Shuningdek