Yangilangan Onvo L60 krossoveri LiDAR bilan taqdim etildi

12-iyun 2026 08:22 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Yangilangan Onvo L60 krossoveri LiDAR bilan taqdim etildi
Foto: Sohu

Xitoyda Nio kompaniyasining Onvo subbrendi yangilangan Onvo L60 o‘rta o‘lchamli elektr krossoverini taqdim etdi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.

Model 106 ta yangilanishga ega bo‘ldi. Eng muhim o‘zgarishlar qatorida LiDAR sensori, ilg‘or aqlli haydovchi yordamchi tizimlari va orqa yo‘lovchilar uchun ko‘ngilochar imkoniyatlar kengaytirilgani bor.

Yangilangan Onvo L60 2026-yil 11-iyun kuni Xitoy bozorida rasman sotuvga chiqarildi. Avtomobil uchta komplektatsiyada taklif etiladi: Pro, Max+ va Ultra+. Xaridorlar mashinani to‘liq xarid qilish yoki Battery-as-a-Service — ya’ni akkumulyatorni alohida ijara qilish modeli orqali sotib olishi mumkin.

BaaS modeli bo‘yicha eboshlang‘ich narx 135,8 ming yuanni tashkil etadi. Bu taxminan 20 ming dollarga teng. Dizayn jihatidan Onvo L60 avvalgi kupe uslubidagi silliq siluetini saqlab qolgan. Shu bilan birga, old bamper soddalashtirilib, avtomobilning tashqi ko‘rinishi yanada ixchamlashtirilgan.

Foto: Sohu

Krossover uzunligi 4828 mm, eni 1930 mm, balandligi 1616 mm, g‘ildiraklar bazasi esa 2950 mmni tashkil qiladi. Kuzov ranglari qatoriga yangi «Interstellar Grey» rangi qo‘shildi.

Qo‘shimcha imkoniyatlar

Avtomobil Nio tomonidan ishlab chiqilgan 5 nanometrli «Shenji» NX9031 chipi bilan jihozlangan. Ushbu chip uzoq muddatli dasturiy va texnologik yangilanishlarni qo‘llab-quvvatlash uchun mo‘ljallangan.

Onvo L60 Nio World Model va Coconut nomli mahalliy aqlli arxitekturadan foydalanadi. Bu tizim avtomobilga yo‘nalish bo‘yicha aqlli yordamchi boshqaruv va akkumulyatorni avtonom almashtirish imkonini beradi. Shu bilan birga, Nvidia Orin-X chipi asosidagi sof kamera tizimiga ega versiya ham saqlab qolingan. Bu chip 254 TOPS hisoblash quvvatiga ega.

Foto: Sohu

Salon ham sezilarli yangilangan. Interyerda «Anlan Blue» rangidagi Nappa charm bezagi qo‘llanilgan. Old panel markazida Nio‘ning SkyOS operatsion tizimida ishlovchi 17,2 dyuymli 3K ekran joylashgan. Orqa yo‘lovchilar uchun esa 17,3 dyuymli bukiladigan 3K ekran, ikki bosqichli panoramali tom, quyoshdan himoya pardasi va mayin velvet qoplamali ship taklif etiladi.

Amaliy imkoniyatlar ham kengaytirilgan. Avtomobilda 6 litrli isitish va sovitish qutisi, shuningdek, 52 litrli bort muzlatkichi mavjud. Bagaj hajmi 763 litrni tashkil etadi. Uning pol osti bo‘limi 139 litr qo‘shimcha joy beradi.

Texnik jihatdan Onvo L60 Nio‘ning uchinchi avlod NT3.0 platformasida qurilgan. Avtomobil 900 voltli kremniy-karbid arxitekturadan foydalanadi. Bir motorli versiya 240 kVt, ya’ni 322 ot kuchi quvvat beradi. Ikki motorli to‘liq uzatmali versiyada esa maksimal quvvat 340 kVt yoki 456 ot kuchiga yetadi.

Model 60 kVt/soat va 85 kVt/soat sig‘imli akkumulyatorlar bilan taklif etiladi. CLTC sikli bo‘yicha yurish zaxirasi versiyaga qarab 530 kilometrdan 740 kilometrgacha yetadi.

Avvalroq «Kursiv» Nio Onvo L80 avtomobili sotuvga chiqayotgani haqida yozgan edi.

Shuningdek