
BMW kompaniyasining yangi avlod X5 yo‘ltanlamasi besh xil dvigatel bilan 30-iyun kuni rasman namoyish etilishi kutilmoqda. Bu haqda ITHome nashri ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, zavod indeksi G65 bo‘lgan yangi X5 modeli brend tarixida ilk bor bir vaqtning o‘zida besh xil kuch qurilmasi bilan taklif etiladi. Ular qatoridan benzinli, dizelli, quvvatlantiriladigan gibrid, to‘liq elektr va vodorod yonilg‘i elementlari asosidagi versiyalar o‘rin oladi.

Avvalroq BMW yangi X5 sinov prototipining tizer suratlarini e’lon qilgan edi. Ulardan ko‘rinishicha, yo‘ltanlamaning tashqi ko‘rinishi sezilarli darajada yangilanadi. Xususan, eshik tutqichlari kuzov chizig‘iga integratsiya qilinadi va an’anaviy tashqi tutqichlardan voz kechiladi.
Ma’lum qilinishicha, yangi BMW X5 ishlab chiqarilishi joriy yilning yoz oxiri yoki kuz boshida yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan. To‘liq elektr versiya — iX5 modeli kompaniyaning seriyali avtomobillari orasidagi eng katta sig‘imli akkumulyator bilan jihozlanadi. Insayderlar ma’lumotiga ko‘ra, batareyaning foydali sig‘imi Yevropa bozori uchun 141 kVt/soatni, Shimoliy Amerika bozori uchun esa 144 kVt/soatni tashkil etadi.


Shuningdek, iX5 M70 modifikatsiyasi kamida 650 ot kuchiga ega yangi avlod elektromotorlari bilan jihozlanishi kutilmoqda. Mazkur modelning maksimal aylantiruvchi momenti 1100 Nmga yetishi mumkin.
Kompaniya 2028-yilda X5 oilasini vodorod yonilg‘i elementlari asosidagi yangi modifikatsiya bilan to‘ldirishni rejalashtirmoqda. Bu BMW’ning muqobil energiya manbalarini rivojlantirish yo‘lidagi navbatdagi qadami bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Audi Q7 krossoveri taqdim etilgan edi.