
O‘zbekiston milliy terma jamoasi futbolchisi Abduqodir Husanov Kolumbiyaga qarshi uchrashuv va Portugaliya bilan bo‘ladigan navbatdagi o‘yin haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi, deb yozadi Championat.Asia.
Husanovning ta’kidlashicha, O‘zbekiston terma jamoasi Kolumbiyaga qarshi bahsda katta ishni bajardi va uchrashuvning so‘nggi daqiqalarigacha o‘yin taqdirini o‘zgartirishga harakat qildi.

«Kolumbiyaga qarshi birinchi golimizni urgach, ikkinchisi uchun harakat qildik. Raqib darvozasini ishg’ol qilish qo’limizdan kelishini his qildik va oldinga harakatlandik. Afsuski, vaziyatlarni yakunlay olmadik», — dedi Husanov.

Himoyachi, shuningdek, muxlislarga qo‘llab-quvvatlov uchun minnatdorlik bildirib, ularning yordami jamoa uchun katta motivatsiya bo‘lganini qayd etdi.
Portugaliyaga qarshi bo‘ladigan o‘yin haqida gapirar ekan, Husanov ushbu bahs jamoa uchun jiddiy sinov bo‘lishini tan oldi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston va Portugaliya terma jamoalari o‘rtasidagi uchrashuv 23-iyun, seshanba kuni kechqurun bo‘lib o‘tadi. Terma jamoa bosh murabbiyi Fabio Cannavaro ham kutilayotgan o‘yin haqida fikr bildirdi. Uning aytishicha, Portugaliyaga qarshi bahsda jamoa nafaqat Kristiano Ronaldo, balki butun raqib jamoaga qarshi maydonga tushadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentning qator hududlarida milliy terma jamoa o‘yinlari namoyish etilishi haqida xabar qilgan edik.