Yozning ta’mini bankada saqlang: uy sharoitida kompot tayyorlash usullari

24-iyun 2026 17:40 eʼlon qilindi

Lobar Turayeva

Lobar Turayeva

Muxbir l.turayeva@kursiv.media
Yozning ta’mini bankada saqlang: uy sharoitida kompot tayyorlash usullari
Foto: Mazali_taom Instagram sahifasi

Yoz fasli kirib kelishi bilan bozor va dalalarda mevalar mo‘l-ko‘l bo‘ladi. Aynan shu davrda ko‘plab xonadonlarda qishga zaxira tayyorlash, kompot va turli konservalar yopish ishlari avjiga chiqadi.

Bir qarashda oddiy ko‘ringan bu mashg‘ulot ayrimlar uchun nafaqat oilaviy an’ana, balki daromad manbaiga ham aylangan. Kursiv Uzbekistan tajribali konservalovchilar bilan suhbatlashib, yozgi mavsumning eng talabgir mahsulotlari va xaridorlar didi haqida ma’lumot oldi.

Ushbu maqolada nimalarni bilib olish mumkin:

19 yillik tajriba: Kompot deganda ko‘pchilik olchani eslaydi

Foto: Sevara Nazarovaning shaxsiy arxividan

Toshkent shahar Sergeli tumanida yashovchi Sevara Nazarova 2007-yildan buyon konservalash bilan shug‘ullanadi. Dastlab oilaviy ehtiyoj uchun boshlangan bu ish vaqt o‘tishi bilan daromad manbaiga aylangan.

«Asosan, turli mevalardan kompotlar, pomidor mahsulotlaridan ikra va ro‘zg‘orda ishlatiladigan boshqa konservalar tayyorlaymiz. Mahsulotlar narxi banka hajmiga qarab 15 ming so‘mdan 60 ming so‘mgacha bo‘ladi», – deydi u.

Uning ta’kidlashicha, yillar davomida eng talabgir mahsulotlar deyarli o‘zgarmagan.

«Olcha kompotiga talab juda katta. Odamlar kompot desa, birinchi navbatda olcha kompotini eslaydi. Mazasi ham, foydasi ham yaxshi. Shu sababli xaridorlari ko‘p», – deydi suhbatdoshimiz.

Sevara o‘zining doimiy retsepti asosida tayyorlaydigan kompot turi bilan o‘rtoqlashdi.

An’anaviy olcha kompoti retsepti

Foto: Sevara Nazarovaning shaxsiy arxividan

Olcha kompoti yoz mavsumining eng mashhur va ko‘p tayyorlanadigan konservalaridan biri hisoblanadi. Uning yoqimli nordon-shirin ta’mi va xushbo‘y hidi qish kunlarida ham yozning ta’mini eslatib turadi.

Uch litrli bir banka kompot tayyorlash uchun avvalo 650 gramm yaxshi pishgan saralangan olcha yaxshilab yuviladi. Mevalar orasidagi shikastlangan yoki ezilganlari ajratib olinadi. Shu bilan birga, uch litrli shisha banka va qopqoq oldindan yuvilib, steril holatga keltiriladi.

Video: Sevara Nazarovaning shaxsiy arxividan

Tayyorlangan olchalar steril bankaning tagiga solinadi va ustidan 330 gramm shakar sepiladi. Alohida idishda 2,5 litr suv qaynatiladi. Qaynab turgan suv ehtiyotkorlik bilan bankadagi olcha va shakar ustidan quyiladi.

Shundan so‘ng banka qopqog‘i yengil yopilib, sterilizatsiya uchun katta qozonga joylashtiriladi. Qozon tagiga mato yoki maxsus panjara qo‘yilib, banka bug‘da 10 daqiqa davomida steril qilinadi. Bu jarayon kompotning uzoq muddat saqlanishiga yordam beradi.

Sterilizatsiya yakunlangach, qopqoq mahkam yopiladi va banka ag‘darilgan holda bir necha soatga qoldiriladi. So‘ng iliq adyol yoki qalin matoga o‘rab qo‘yilib, asta-sekin sovitiladi.

Natijada rangi tiniq, ta’mi muvozanatli va xushbo‘y olcha kompoti tayyor bo‘ladi. To‘g‘ri tayyorlangan kompot salqin joyda uzoq muddat sifatini saqlab qoladi.

To‘rt yilda shakllangan kichik biznes

Kompot va konservalash orqali daromad topayotgan ayollardan yana biri xorazmlik Gulxayo Axmedova. U bu faoliyat bilan to‘rt yildan buyon shug‘ullanadi.

«Bu yil ish boshlaganimga to‘rt yil bo‘ldi. Dastlab oddiy uy sharoitida tayyorlagan mahsulotlarimizni yaqinlarimiz va tanishlarimizga taklif qilardik. Keyinchalik buyurtmalar soni ortib bordi», – deydi u.

Uning fikricha, bugungi kunda tabiiy mahsulotlarga bo‘lgan qiziqish sezilarli darajada oshgan.

«Odamlar qishda ham yozning ta’mini saqlab qolishni istaydi. Shu sababli uy sharoitida tayyorlangan kompotlar va konservalarga talab yuqori. Ayniqsa, mevalarning tabiiy ta’mi saqlangan mahsulotlarni xaridorlar ko‘proq izlaydi», — deydi Axmedova.

Uning ta’kidlashicha, kompot yopish nafaqat oilaviy an’ana, balki ayollar uchun qo‘shimcha daromad topish imkoniyatini ham yaratmoqda. Yoz mavsumida mevalar mo‘l bo‘lgani sababli buyurtmalar soni ortadi va qishga tayyorgarlik ishlari qizg‘in tus oladi.

«Asosan, yoz oylarida olcha kompoti yopiladi. Bu yil esa yangilik sifatida olchali moxito tayyorlashni boshladim. Ko‘pchilikka juda yoqdi. Keyinchalik xaridorlarning istagiga qarab Xorazmda «tanas gul» deb ataladigan meva bilan ham kompot tayyorlay boshladik. Har bir mahsulotni aniq o‘lchov asosida tayyorlaymiz. Bir banka uchun kerakli mahsulotlarning barchasi oldindan belgilab qo‘yiladi. Hozircha bir kunlik ishlab chiqarish hajmimiz yaxshi. Nasib qilsa, kelgusi yilda biznesimizni yanada kengaytirishni rejalashtiryapmiz», – deydi Gulxayo.

Olchali moxito kompoti retsepti

So‘nggi yillarda xaridorlar orasida yangicha ta’mlar ommalashib bormoqda. Shunday retseptlardan biri — olchali moxito kompoti. Mevalarning uyg‘unligi, limonning yengil nordonligi va yalpizning xushbo‘y ifori ushbu ichimlikka o‘zgacha ta’m bag‘ishlaydi.

Uch litrli bir banka uchun 300 gramm saralangan va yuvilgan olcha olinadi. Shuningdek, 6 parrak qilib to‘g‘ralgan olma qo‘shiladi. Olmani dumaloq shaklda kesish kompotning ko‘rinishini yanada chiroyli qiladi. Unga 6 dona o‘rik va 3 dona shaftoli ham solinadi. Mevalar ustiga bir parrak limon va bir dona yangi yalpiz novdasi qo‘shiladi.

Barcha mahsulotlar sterilizatsiya qilingan bankaga joylangach, ustidan 300 gramm shakar solinadi. So‘ng qaynoq suv quyilib, qopqog‘i yopiladi va belgilangan tartibda sterilizatsiya qilinadi.

Natijada ta’mi muvozanatli, yoqimli shirinlikka ega va xushbo‘y ichimlik hosil bo‘ladi. Aynan shu retsept bugungi kunda xaridorlar orasida eng ko‘p talab qilinayotgan mahsulotlardan biriga aylangan.

«Hozirgi kunda eng ko‘p yopayotgan mahsulotimiz olchali moxito hisoblanadi. Bir kunda o‘rtacha 120 banka tayyorlaymiz. Ish joyimiz hozircha kichik bo‘lgani uchun imkoniyatimiz shunga yetadi. Nasib qilsa, kelgusi yilda faoliyatimizni kengaytirib, biznesimizni yanada kattalashtirishni rejalashtiryapmiz», – deydi Gulxayo.

Uy sharoitida tayyorlash uchun limonadlar: tarvuzli limonad

Rasm sun’iy intellekt yordamida tayyorlandi

Jazirama yoz kunlarida organizmni tetiklashtiradigan, tayyorlanishi oson va mazali ichimliklardan biri — tarvuzli limonad. Tarvuzning shirinligi, limonning yoqimli nordonligi va yalpizning xushbo‘y ifori uyg‘unlashib, issiq havoda chanqoqni bosadigan ajoyib ichimlik hosil qiladi.

Kerakli masalliqlar

MahsulotMiqdori
Tarvuz100 gramm
Limon1/2 dona
Yalpiz1/2 bog‘
Shakar30 gramm
Gazlangan suv500 ml
Muz bo‘lakchalariTa’bga ko‘ra

Tayyorlanish usuli

Avvalo, tarvuz po‘stlog‘i va urug‘laridan tozalanib, mayda bo‘laklarga bo‘linadi. Yarim limon yupqa qilib kesiladi, yalpiz barglari esa yuvib olinadi.

Katta stakanga tarvuz bo‘laklari solinadi. Ustidan limon bo‘laklari va yalpiz barglari qo‘shiladi. Ichimlikning shirinligini oshirish uchun 30 gramm shakar solinadi.

So‘ng qoshiq yoki maxsus ezgich yordamida stakandagi mahsulotlar yengil eziladi. Bu jarayonda tarvuz sharbati ajralib chiqadi, limon va yalpizning xushbo‘y hidi ichimlikka singadi.

Keyingi bosqichda stakanga bir necha dona muz bo‘lakchalari tashlanadi. Ustidan 500 millilitr gazlangan suv quyilib, barcha mahsulotlar yaxshilab aralashtiriladi.

Shundan so‘ng tarvuzli limonad iste’molga tayyor bo‘ladi. Uni darhol dasturxonga tortish tavsiya etiladi.

Maymunjonli moxito

Rasm sun’iy intellekt yordamida tayyorlandi

Maymunjonli moxito — yoz va kuz mavsumi uchun mos bo‘lgan, tayyorlanishi oson va tetiklashtiruvchi ichimlik. Maymunjonning yoqimli nordon-shirin ta’mi, laymning xushbo‘y ifori hamda yalpizning yangiligi uyg‘unlashib, bayramona ko‘rinishdagi ajoyib ichimlik hosil qiladi. Uni tayyorlash uchun atigi 5 – 10 daqiqa vaqt kifoya.

Kerakli masalliqlar

MahsulotMiqdori
Maymunjon300 gramm
Shirin gazli ichimlik (Sprite yoki 7Up)1 litr
Laym2 dona
YalpizYarim bog‘
Muz bo‘lakchalari7-8 dona

Tayyorlanish usuli

Avvalo maymunjonlar yaxshilab yuvib olinadi va blender idishiga solinadi. Mevalar bir xil massa hosil bo‘lguncha maydalab eziladi.

Hosil bo‘lgan maymunjon pyuresi katta ko‘za yoki chuqur idishga quyiladi. Uning ustidan 1 litr shirin gazli ichimlik qo‘shiladi. Bu retsept uchun Sprite yoki 7Up ishlatish tavsiya etiladi.

Shundan so‘ng laymlar yuvilib, yupqa halqa yoki yarim halqa shaklida to‘g‘raladi. Laym bo‘laklari va mayda to‘g‘ralgan yalpiz barglari ichimlikka qo‘shiladi.

Barcha mahsulotlar yaxshilab aralashtirilgach, ichimlik 10 daqiqa davomida tindirib qo‘yiladi. Bu vaqt davomida maymunjon, laym va yalpizning ta’mlari bir-biriga singib, ichimlik yanada mazali bo‘ladi.

Tayyor moxito stakanlarga quyiladi. Har bir stakanga muz bo‘lakchalari solinadi va usti yalpiz barglari hamda laym bo‘laklari bilan bezatiladi.

Natijada yorqin rangli, xushbo‘y va chanqoqbosdi maymunjonli moxito tayyor bo‘ladi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan qulupnayli murabbo qanday tayyorlanishi haqida yozgandi.

Shuningdek