Redmi K90 Ultra qanday texnik xususiyatlarga ega bo‘ladi

24-iyun 2026 22:06 eʼlon qilindi

Hafiza Muxtorova

Hafiza Muxtorova

Jurnalist h.muxtorova@kursiv.media
Redmi K90 Ultra qanday texnik xususiyatlarga ega bo‘ladi / Foto: Digital Chat Station

Xiaomi’ning yangi Redmi K90 Ultra smartfoni taqdimotidan bir hafta avval qurilma haqida yangi ma’lumotlar va jonli suratlar paydo bo‘ldi. Bu haqda ITHome nashri xabar berdi.

E’lon qilingan suratlarga ko‘ra, Redmi K90 Ultra o‘yinlar uchun mo‘ljallangan flagman smartfon sifatida taqdim etiladi. Qurilma Snapdragon 8 Elite protsessori asosida ishlaydi va uning asosiy xususiyatlaridan biri korpus ichiga o‘rnatilgan faol sovitish tizimi hisoblanadi. Smartfonda haqiqiy ventilyator qo‘llanilgan bo‘lib, u majburiy havo aylanishi orqali qurilma haroratini pasaytiradi.

Foto: Digital Chat Station

Smartfonning orqa qismida yirik gorizontal kamera bloki joylashgan. Uning ostida esa sovitish tizimi uchun mo‘ljallangan keng havo kanali mavjud. Qurilma juda yupqa ramkali 6,83 dyuymli tekis ekran bilan jihozlanadi.

Xiaomi prezidenti Lu Veybinning ma’lum qilishicha, Redmi K90 Ultra mobil o‘yinlarni yanada qulayroq qilishga qaratilgan bir qator texnologiyalarni oladi. Ular qatoriga Snapdragon 8 Elite protsessori, D2 o‘yin koprotsessori, sensorli ekran uchun kibersport rejimi, maxsus o‘yin audioeffektlari hamda gorizontal holatda internet ulanishini optimallashtirish tizimi kiradi.

Foto: Digital Chat Station

Faol sovitish tizimi Redmi K90 Max modelidagi yechimga o‘xshash bo‘ladi. U qurilma haroratini 100 soniya ichida 10 darajagacha pasaytirishi mumkin. Bunda shovqin darajasi 32 dB dan oshmaydi.

Shuningdek, smartfon yuqori yangilanish chastotasiga ega ekran, suv va changdan himoya, alyuminiy ramkali metall korpus bilan ta’minlanadi. Avvalroq qurilmaga sig‘imi 8500 mA/soatdan ortiq batareya va 100 vattli tezkor quvvatlash tizimi o‘rnatilishi haqida ham xabar berilgandi.

Foto: ITHome
Foto: ITHome

Redmi K90 Ultra uchun oldindan buyurtmalar Xitoyda allaqachon boshlangan. Smartfon savdosi 30-iyundan start oladi. Qurilma $450 atrofida narxlanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samsung Galaxy M47 5G qanday texnik xususiyatlar bilan taqdim etilishi haqida yozgan edik.

Shuningdek