Yurgen Klopp Ronalduning O‘zbekistonga qarshi dubliga baho berdi

26-iyun 2026 12:52 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Yurgen Klopp Ronalduning O‘zbekistonga qarshi dubliga baho berdi
Foto: Championat.com

«Liverpul» sobiq bosh murabbiyi Yurgen Klopp Portugaliya terma jamoasi hujumchisi Krishtianu Ronalduning O‘zbekistonga qarshi o‘yindagi dubliga munosabat bildirdi.

Jahon chempionati guruh bosqichining 2-turida Portugaliya O‘zbekistonni 5:0 hisobida mag‘lub etdi. Uchrashuvda Ronaldu 6 va 39-daqiqalarda gol urdi hamda maydonda to‘liq harakat qildi.

Kloppning aytishicha, Ronalduning birinchi o‘yindan keyingi tanqidlarga bunday javob qaytargani hayratlanarli holat bo‘lgan.

«Eng ajoyib jihat shuki, birinchi o‘yindan keyin Krishtianu Ronaldu keskin tanqidga uchradi. Men buni payqadim. U esa bunga shunday javob qaytardi, ustiga-ustak 41 yoshida juda jonli va shiddatli o‘yin ko‘rsatdi. Men bundan juda xursand bo‘ldim. Bu yoshda ham ishlar o‘xshamaganida uning bunga befarq bo‘lmasligi — aql bovar qilmas holat. Uning reaksiyasi esa yanada ta’sirli», — dedi Klopp.

Jahon chempionati 2026-yil 11-iyundan 19-iyulgacha davom etadi. O‘zbekiston guruhdagi so‘nggi uchrashuvini Kongo terma jamoasiga qarshi o‘tkazadi. O‘yin 28-iyun kuni Toshkent vaqti bilan 04:30 da boshlanadi. Portugaliya terma jamoasi guruh bosqichining 3-turida shu kuni Kolumbiyaga qarshi maydonga tushadi.

«K» guruhida vaziyat qanday

Manba: fifa.com

Jahon chempionati «K» guruhida 2-turdan keyin Kolumbiya terma jamoasi peshqadamlik qilmoqda. Kolumbiyaliklar ikki o‘yinning ikkalasida ham g‘alaba qozonib, 6 ochko jamg‘ardi. Jamoa 4 ta gol urib, o‘z darvozasidan 1 ta to‘p olib chiqdi.

Portugaliya 4 ochko bilan ikkinchi o‘rinda bormoqda. Jamoa ikki uchrashuvda 1 ta g‘alaba va 1 ta durang qayd etdi. Portugaliyaliklar hozircha guruhdagi eng sermahsul jamoa bo‘lib turibdi — ular 6 ta gol urgan va 1 ta gol o‘tkazib yuborgan.

Kongo Demokratik Respublikasi 1 ochko bilan uchinchi pog‘onada joylashgan. Jamoa ikki o‘yinda 1 ta durang va 1 ta mag‘lubiyat qayd etdi. Kongo DR hisobida 1 ta urilgan va 2 ta o‘tkazib yuborilgan gol bor.

O‘zbekiston terma jamoasi esa ikki turdan keyin ochko jamg‘ara olmadi. Milliy jamoa 2 ta uchrashuvda ham mag‘lub bo‘lib, 1 ta gol urdi va 8 ta gol o‘tkazib yubordi. To‘plar nisbati minus 7 ni tashkil qilmoqda.

Avvalroq «Kursiv» Kannavaro Ronaldu va Portugaliyani g‘alaba bilan tabriklagani haqida yozgan edi.

Shuningdek