Xiaomi Wi-Fi va elektrsiz ishlaydigan yangi kuzatuv kamerasini taqdim etdi

29-iyun 2026 20:50 eʼlon qilindi

Hafiza Muxtorova

Hafiza Muxtorova

Jurnalist h.muxtorova@kursiv.media
Xiaomi Wi-Fi va elektrsiz ishlaydigan yangi kuzatuv kamerasini taqdim etdi / Foto: Gizmochina

Xiaomi tashqi kuzatuv uchun mo‘ljallangan, internet va elektr tarmog‘iga ulanmasdan ishlay oladigan yangi aqlli kamerasini namoyish qildi. Bu haqda Gizmochina nashri ma’lum qildi.

Xiaomi Smart Solar Camera 4 Pro 4G Dual-Camera Edition nomli yangi kuzatuv kamerasini Youpin platformasida taqdim etdi. Qurilma narxi $80 etib belgilangan bo‘lib, savdolar 6-iyuldan boshlanishi rejalashtirilgan.

Kamera to‘liq avtonom ishlaydi. Qurilma ikkita 4G SIM-kartani qo‘llab-quvvatlaydi, shu sababli videoni Wi-Fi tarmog‘isiz uzata oladi. Elektr ta’minoti esa 9 900 mA/soat sig‘imli ichki akkumulyator va quvvati 7,6 Vt bo‘lgan quyosh paneli orqali amalga oshiriladi. Odatiy foydalanish sharoitida kamera o‘rnatilgandan keyin deyarli qo‘shimcha xizmat ko‘rsatishni talab qilmaydi.

Qurilma 3K sifatida video yozishga qodir ikkita 5 megapikselli kamera bilan jihozlangan. f/1.6 diafragmali obyektivlarga infraqizil va oq yorug‘lik tizimi qo‘shilgan bo‘lib, ular harakat yoki inson aniqlanganda avtomatik ravishda ishga tushadi. Shuningdek, AOV (Always-On Video) texnologiyasi qo‘llanilgan. U atrofda harakat bo‘lmaganda har ikki soniyada bitta kadr yozib, xotira sarfini 90 foizdan ortiqqa kamaytirishga yordam beradi.

Kamera shubhali faollik aniqlansa, yorug‘lik signali va ovozli sirenani yoqishi, shuningdek, Mi Home ilovasi orqali foydalanuvchiga bildirishnoma yuborishi mumkin. Qurilmada ikki tomonlama ovozli aloqa funksiyasi mavjud. U Xiaomi HyperConnect aqlli uy ekotizimi bilan integratsiyalashgan bo‘lib, IP66 standarti bo‘yicha chang va suvdan himoyalangan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xiaomi elektromobillar uchun avtomatik quvvatlash robotini taqdim etgan edi.

Shuningdek