Aholini ro‘yxatga olish dastlabki natijalari e’lon qilindi: mamlakat aholisi 39 mlndan oshdi

Toshkentda 2026-yilda o‘tkazilgan aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirining dastlabki natijalarini e’lon qilishga bag‘ishlangan taqdimot bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda Kursiv Uzbekistan muxbiri.
Natijalar qanday

Taqdimotda e’lon qilingan ma’lumotlarga ko‘ra, 2026-yilgi aholini ro‘yxatga olish natijalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi aholisi 39 047 321 nafarni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich mamlakatning demografik holati, hududlar rivoji, ijtimoiy infratuzilma va iqtisodiy rejalashtirish uchun muhim statistik asos bo‘lib xizmat qiladi.


Tadbirda aholining yosh-jins tarkibi ham taqdim etildi. Unda erkaklar va ayollar soni yosh guruhlari kesimida alohida ko‘rsatildi. Aholi piramidasi O‘zbekistonda yosh avlod ulushi yuqoriligini, mehnatga layoqatli yoshdagi aholi salmoqli o‘rin egallashini hamda keksalar ulushi bosqichma-bosqich shakllanib borayotganini ko‘rsatadi.
Avvalroq «Kursiv» O‘zbekistonda aholisi eng kam hududlar haqida yozgan edi.