OnePlus N6 budjet smartfoni taqdim etildi — foto, narx

30-iyun 2026 20:33 eʼlon qilindi

Hafiza Muxtorova

Hafiza Muxtorova

Jurnalist h.muxtorova@kursiv.media
OnePlus N6 budjet smartfoni taqdim etildi — foto, narx / Foto: OnePlus

OnePlus uzoq ishlash muddati va tezkor quvvatlash imkoniyatlariga ega yangi budjet smartfoni OnePlus N6’ni rasman taqdim etdi. Bu haqda GSM Arena nashri ma’lum qildi.

Batareya va quvvatlash texnologiyalari

Smartfon 8000 mA/soat sig‘imli batareya bilan jihozlangan bo‘lib, 45 Vt quvvatdagi SuperVOOC tezkor quvvatlash va 5 Vt quvvatli simli teskari quvvatlash funksiyalarini qo‘llab-quvvatlaydi.

Qurilmada bypass charging texnologiyasi ham mavjud. Ushbu rejimda elektr quvvati batareyani chetlab o‘tib, bevosita anakartga uzatiladi. Bu esa o‘yinlar va boshqa yuqori yuklama talab qiladigan vazifalar vaqtida smartfonning qizishini kamaytirishga yordam beradi.

Foto: OnePlus

Batareyaning xizmat muddati

Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, batareya 1 600 martadan ortiq quvvatlash sikliga mo‘ljallangan. Shuningdek, yetti yil foydalanilgandan keyin ham u dastlabki sig‘imining 80 foizidan ortig‘ini saqlab qolishi aytilmoqda.

Texnik xususiyatlari

MediaTek Dimensity 6360 Max protsessori asosida ishlaydigan smartfon 4 yoki 6 GB tezkor xotira hamda 128 GB ichki xotira bilan taqdim etiladi. Qurilma 6,8 dyuymli HD+ IPS displey, 120 Gts yangilanish chastotasi va 1200 nitgacha maksimal mahalliy yorqinlikka ega.

Foto: OnePlus

Shuningdek, smartfon 8 megapikselli old kamera, 50 megapikselli asosiy kamera va 2 megapikselli monoxrom sensor bilan jihozlangan. U OxygenOS 16 operatsion tizimida, Android 16 bazasida ishlaydi. OnePlus ikki yirik Android yangilanishi va uch yil davomida xavfsizlik yangilanishlarini taqdim etishni va’da qilgan. Qurilmaning qalinligi 8,8 mm, vazni esa 208 grammni tashkil etadi.

Narxi va sotuv sanasi

OnePlus N6ning 4/128 GB talqini $245, 6/128 GB versiyasi esa $265 etib belgilangan. Smartfon savdosi Hindistonda 4-iyuldan boshlanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq OnePlus Pad 3 Pro plansheti taqdim etilgan edi.

Shuningdek