
OnePlus uzoq ishlash muddati va tezkor quvvatlash imkoniyatlariga ega yangi budjet smartfoni OnePlus N6’ni rasman taqdim etdi. Bu haqda GSM Arena nashri ma’lum qildi.
Batareya va quvvatlash texnologiyalari
Smartfon 8000 mA/soat sig‘imli batareya bilan jihozlangan bo‘lib, 45 Vt quvvatdagi SuperVOOC tezkor quvvatlash va 5 Vt quvvatli simli teskari quvvatlash funksiyalarini qo‘llab-quvvatlaydi.
Qurilmada bypass charging texnologiyasi ham mavjud. Ushbu rejimda elektr quvvati batareyani chetlab o‘tib, bevosita anakartga uzatiladi. Bu esa o‘yinlar va boshqa yuqori yuklama talab qiladigan vazifalar vaqtida smartfonning qizishini kamaytirishga yordam beradi.

Batareyaning xizmat muddati
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, batareya 1600 martadan ortiq quvvatlash sikliga mo‘ljallangan. Shuningdek, yetti yil foydalanilgandan keyin ham u dastlabki sig‘imining 80 foizidan ortig‘ini saqlab qolishi aytilmoqda.
Texnik xususiyatlari
MediaTek Dimensity 6360 Max protsessori asosida ishlaydigan smartfon 4 yoki 6 GB tezkor xotira hamda 128 GB ichki xotira bilan taqdim etiladi. Qurilma 6,8 dyuymli HD+ IPS displey, 120 Gts yangilanish chastotasi va 1200 nitgacha maksimal mahalliy yorqinlikka ega.

Shuningdek, smartfon 8 megapikselli old kamera, 50 megapikselli asosiy kamera va 2 megapikselli monoxrom sensor bilan jihozlangan. U OxygenOS 16 operatsion tizimida, Android 16 bazasida ishlaydi. OnePlus ikki yirik Android yangilanishi va uch yil davomida xavfsizlik yangilanishlarini taqdim etishni va’da qilgan. Qurilmaning qalinligi 8,8 mm, vazni esa 208 grammni tashkil etadi.
Narxi va sotuv sanasi
OnePlus N6ning 4/128 GB talqini $245, 6/128 GB versiyasi esa $265 etib belgilangan. Smartfon savdosi Hindistonda 4-iyuldan boshlanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq OnePlus Pad 3 Pro plansheti taqdim etilgan edi.