Markaziy Osiyoga to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar oqimi 25 foizga oshib, 5 milliard dollarga yetdi

eʼlon qilindi
Markaziy Osiyo ulushi jahon bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmining atigi 0,3 foizini tashkil etadi
Markaziy Osiyoga investitsiyalar oqimi bir yilda 25 foizga oshdi / Foto: Andrey Matochenko / Kursiv Uzbekistan

BMTning Savdo va taraqqiyot bo‘yicha konferensiyasi (UNCTAD) tayyorlagan World Investment Report 2026 hisobotiga ko‘ra, 2025-yilda Markaziy Osiyoga jalb qilingan to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi $5 mlrdni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2024-yildagi $4 mlrdga nisbatan 25 foizga ko‘p.

Shunga qaramay, mintaqa hali ham jahon kapitali uchun eng kam ahamiyatga ega yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda.

Infografika: UNCTAD

Hisobotga ko‘ra, Markaziy Osiyoning ulushi dunyodagi jami to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmining atigi 0,3 foizini tashkil etadi. Taqqoslash uchun, 2025-yilda dunyo bo‘yicha investitsiyalar hajmi $1,624 trlnga yetgan.

UNCTAD mutaxassislarining qayd etishicha, 2025-yilda Osiyo mamlakatlarida investitsiya oqimlari bir xil kechmagan. Sharqiy Osiyo, jumladan, Xitoyda investitsiyalar kamaygan bo‘lsa, Janubi-Sharqiy, Janubiy, G‘arbiy va Markaziy Osiyoda o‘sish kuzatilgan.

Umuman olganda, 2025-yilda dunyo bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi 6 foizga oshgan. Biroq bu o‘sish, asosan, yirik iqtisodiyotlar, xalqaro moliyaviy markazlar hamda sun’iy intellekt va raqamli infratuzilma sohasidagi mega-loyihalar hisobiga ta’minlangan.

UNCTAD investitsiyalar tobora ko‘proq ma’lum hududlar va iqtisodiyot tarmoqlarida jamlanib borayotganidan ogohlantirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jahon banki O‘zbekistonning eng istiqbolli uch sohasini ma’lum qilgan edi.

Shuningdek