Markaziy Osiyoga to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar oqimi 25 foizga oshib, 5 milliard dollarga yetdi

BMTning Savdo va taraqqiyot bo‘yicha konferensiyasi (UNCTAD) tayyorlagan World Investment Report 2026 hisobotiga ko‘ra, 2025-yilda Markaziy Osiyoga jalb qilingan to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi $5 mlrdni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2024-yildagi $4 mlrdga nisbatan 25 foizga ko‘p.
Shunga qaramay, mintaqa hali ham jahon kapitali uchun eng kam ahamiyatga ega yo‘nalishlardan biri bo‘lib qolmoqda.

Hisobotga ko‘ra, Markaziy Osiyoning ulushi dunyodagi jami to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmining atigi 0,3 foizini tashkil etadi. Taqqoslash uchun, 2025-yilda dunyo bo‘yicha investitsiyalar hajmi $1,624 trlnga yetgan.
UNCTAD mutaxassislarining qayd etishicha, 2025-yilda Osiyo mamlakatlarida investitsiya oqimlari bir xil kechmagan. Sharqiy Osiyo, jumladan, Xitoyda investitsiyalar kamaygan bo‘lsa, Janubi-Sharqiy, Janubiy, G‘arbiy va Markaziy Osiyoda o‘sish kuzatilgan.
Umuman olganda, 2025-yilda dunyo bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi 6 foizga oshgan. Biroq bu o‘sish, asosan, yirik iqtisodiyotlar, xalqaro moliyaviy markazlar hamda sun’iy intellekt va raqamli infratuzilma sohasidagi mega-loyihalar hisobiga ta’minlangan.
UNCTAD investitsiyalar tobora ko‘proq ma’lum hududlar va iqtisodiyot tarmoqlarida jamlanib borayotganidan ogohlantirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jahon banki O‘zbekistonning eng istiqbolli uch sohasini ma’lum qilgan edi.