
Xiaomi’ning «Tornado» kod nomi ostidagi yangi smartfoni rasmiy taqdimotdan oldin Geekbench ma’lumotlar bazasida paydo bo‘ldi. Qurilma Redmi 17C 5G modeli bo‘lishi mumkin.
«Tornado» kod nomi avval Redmi 15C 5G va POCO C85 5G smartfonlarida ham qo‘llangan. Shu sabab yangi qurilma Xiaomi’ning budjet segmentidagi mavjud modelning yangilangan yoki boshqa nom ostida chiqariladigan versiyasi bo‘lishi ehtimoli bor.
Geekbench ma’lumotlariga ko‘ra, smartfon MediaTek Dimensity 6300 protsessorida ishlaydi. Ushbu chip budjet toifasidagi 5G qurilmalar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, kundalik vazifalar, ijtimoiy tarmoqlar, video tomosha qilish va oddiy o‘yinlarda yetarli unumdorlikni ta’minlaydi. Shu bilan birga, protsessor yuqori talabga ega og‘ir o‘yinlar uchun mo‘ljallanmagan.
Sinov natijalarida qurilma bir yadroli rejimda 729 ball, barcha yadrolar ishlatilgan rejimda esa 1 692 ball qayd etgan. Bu ko‘rsatkichlar modelning boshlang‘ich va o‘rta budjet segmentiga tegishli bo‘lishini ko‘rsatadi.
Xiaomi hozircha smartfonning ekran o‘lchami, kamera tizimi, akkumulyator sig‘imi va taqdimot sanasi haqida rasmiy ma’lumot bermadi. Qurilmaning savdo nomi ham tasdiqlanmagan.
Avvalroq «Kursiv» Xiaomi Sky Nomad nomli yangi avto brendini ishga tushirgani haqida yozgan edi.