
O‘zbekistonlik UFC jangchisi Nursulton Ro‘ziboyevning navbatdagi jangi 5-sentabr kuni Fransiya poytaxti Parijda bo‘lib o‘tadi. U UFC Fight Night turnirida angliyalik tajribali Maykl Peyjga qarshi oktagonga ko‘tariladi.
Ma’lum qilinishicha, Ro‘ziboyev ayni paytda UFC’ning o‘rta vazn toifasi reytingida 15-o‘rinda qayd etilgan. Maykl Peyj esa yarim o‘rta vazn toifasining kuchli o‘n beshligi ichida 12-pog‘onani egallab turibdi. Shu bois bu jang ikki turli vazn toifasida nom qozongan sportchilar to‘qnashuvi sifatida ham e’tibor qaratmoqda.
Hozircha UFC Paris turnirining markaziy jangi e’lon qilinmagan. UFC’ning tadbirlar sahifasiga ko‘ra, musobaqa 5-sentabr kuni Parijdagi Accor Arena’da o‘tkaziladi.

Ro‘ziboyev faoliyati davomida 48 ta jang o‘tkazib, 37 ta g‘alaba, 9 ta mag‘lubiyat va 2 ta durang qayd etgan. U 27-iyun kuni Boku mezbonlik qilgan UFC Fight Night turnirida rossiyalik Andrey Pulyayevni birinchi raunddayoq sabmishen orqali mag‘lub etib, g‘alabali seriyasini uchtaga yetkazgan. Maykl Peyj hisobida esa 25 ta g‘alaba va 3 ta mag‘lubiyat bor. U ham so‘nggi uch jangida zafar quchgan.
Sportchi haqida

Nursulton Ro‘ziboyev 32 yoshda va UFC’da o‘rta vazn toifasida jang qiladi. UFC’ning rasmiy sportchi sahifasida uning rekordi 37-9-2 ko‘rinishida qayd etilgan. Shuningdek, uning 13 ta g‘alabasi nokaut, 21 tasi esa sabmishen orqali qo‘lga kiritilgani ko‘rsatilgan. Yana bir muhim ko‘rsatkich – Ro‘ziboyev faoliyatidagi 26 ta jangni birinchi raunddayoq yakunlagan.
UFC’ning Ro‘ziboyev haqidagi materialida u o‘rta vazn toifasidagi eng qiziqarli jangchilardan biri sifatida tilga olinadi. Promoushen uni bo‘yi 6 fut 5 dyuym bo‘lgan, tajribasi katta va jangni erta yakunlashni yaxshi ko‘radigan sportchi sifatida ta’riflagan.
Ro‘ziboyevning navbatdagi raqibi Maykl «Venom» Peyj ham katta tajribaga ega. UFC’ning rasmiy sportchi sahifasiga ko‘ra, uning 25 g‘alabasidan 13 tasi nokaut, 3 tasi sabmishen orqali qo‘lga kiritilgan. Shu bois Parijdagi jang Ro‘ziboyev uchun faoliyatidagi eng jiddiy sinovlardan biri bo‘lishi kutilmoqda.
Avvalroq «Kursiv» Ro‘ziboyevning navbatdagi raqibi aniq bo‘lgani haqida yozgan edi.