
Yangi tadqiqot elektromobil egalarini eng ko‘p xavotirga soladigan asosiy batareya emas, balki boshqa qismlar ko‘proq nosozlikka uchrashini ko‘rsatdi. Ayrim ta’mirlash ishlari esa $14 minggacha tushishi mumkin, deya xabar berdi Buyuk Britaniyaning Warrantywise kompaniyasiga tayanib Carcoops nashri.
Asosiy batareya eng ko‘p buziladigan qism emas
O‘tkazgan tahlillarga ko‘ra, foydalanilgan elektromobillarda eng ko‘p uchraydigan nosozliklar odatiy avtomobillardagidan deyarli farq qilmaydi. Elektr tizimi, osma qismlar va 12 voltli yordamchi akkumulyator bilan bog‘liq muammolar yuqori kuchlanishli asosiy batareyaga qaraganda ancha ko‘p qayd etilgan.
Qaysi nosozlik eng qimmat
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, elektromobillarda eng qimmat ta’mirlash ishlari bort zaryadlovchi qurilmasiga to‘g‘ri keladi. Uning ta’miri o‘rtacha $2 890 bo‘lsa, ayrim hollarda xarajat $14 minggacha yetgan.
Taqqoslash uchun, yuqori kuchlanishli asosiy batareya kamdan-kam hollarda ishdan chiqadi, biroq bunday vaziyatlarda uni ta’mirlashning o‘rtacha qiymati $8 570 ni tashkil etadi.
Ko‘p uchraydigan nosozliklar
Mutaxassislar qayd etishicha, sensorlar va markaziy qulflash tizimi bilan bog‘liq elektr nosozliklari elektromobillarda eng ko‘p uchraydigan muammolar sirasiga kiradi. Shuningdek, avtomobilning og‘irligi sabab osma tizimi tezroq yeyilishi mumkin.
12 voltli yordamchi akkumulyatorni almashtirish ham keng tarqalgan ta’mirlash ishlari qatorida bo‘lib, uning o‘rtacha qiymati $716 ni tashkil etadi.
Ta’mirlash xarajatlari oshmoqda
Tadqiqot mualliflariga ko‘ra, 2024 – 2025-yillarda elektromobillarni ta’mirlashning o‘rtacha qiymati 10,7 foizga oshgan. Bunga inflyatsiya, ishchi kuchi narxining ko‘tarilishi va ehtiyot qismlar qimmatlashgani asosiy omil sifatida ko‘rsatilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 2028-yilgacha UzAuto Motors avtomobillari narxi o‘rtacha $10,8 ming bo‘lishi haqida yozgandi.