Javohir Sindarov va Bibisora Assaubayevaning sevgi hikoyasi

17-iyul 2026 12:54 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Javohir Sindarov va Bibisora Assaubayevaning sevgi hikoyasi
Foto: Instagram/ Sindarov

O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindarov va qozog‘istonlik shaxmatchi Bibisora Assaubayeva bugungi shaxmat olamining eng yorqin yosh vakillari hisoblanadi. Ularni dastlab musobaqalar, uzoq yillik tanishuv va do‘stlik bog‘lagan bo‘lsa, keyinchalik bu munosabat o‘zaro qo‘llab-quvvatlash va muhabbatga aylangan. Avvaliga shaxsiy hayotini oshkor qilmagan shaxmatchilar 2026-yilda ijtimoiy tarmoqlarda munosabatlarini deyarli yashirmay qo‘ydi. «Kursiv» ularning muhabbat yo‘lini hikoya qiladi.

Shaxmat taxtasidan muhabbatgacha

Manba: sports.kz

Sindarov va Assaubayeva bir-birini bolalikdan taniydi. Bibisoraning 2026-yil iyulida Instagram’dagi obunachilar savollariga bergan javobiga ko‘ra, ular taxminan 10 – 12 yoshidan buyon tanish bo‘lgan. Bunga ikkala sportchining ham juda yoshligidan xalqaro musobaqalarda qatnashgani sabab bo‘lgan. Assaubayeva ularning yaqin do‘stligi 2021-yildan boshlanganini aytgan.

Ularning birgalikdagi dastlabki ommaviy lavhalaridan biri 2023-yilda Ostona shahrida o‘tkazilgan Satty Zhuldyz rapid va blits turniriga borib taqaladi.

Ikki yosh shaxmatchi o‘sha musobaqada nafaqat bir davrada ishtirok etgan, balki taxta qarshisida ham to‘qnash kelgan. Uch yil o‘tib ChessBase India ushbu eski lavhalarni qayta e’lon qilganida, videolar shaxmatchilar munosabati sabab yana ommalashdi.

Foto: Sindarov/ Instagram

Ilk bor ommaviy tan olish

Javohir Sindarov Goada o‘tkazilgan Jahon kubogida g‘olib bo‘lganidan keyin Bibisora Assaubayeva Times of India nashriga bergan intervyusida uni «eng yaqin do‘stim» deb atadi. U turnirni boshidan kuzatgani, Sindarovning g‘alabasidan juda xursand bo‘lgani va u bilan faxrlanishini aytdi.

Assaubayevaning so‘zlariga ko‘ra, Javohir finaldan keyin unga g‘alaba qozonganini yozgan, biroq Bibisora bahsni jonli kuzatgani sabab natijani allaqachon bilgan.

U Sindarovning Jahon kubogidagi muvaffaqiyatini nafaqat do‘sti, balki Markaziy Osiyo shaxmati uchun muhim natija sifatida baholagan. Shu bilan birga, Javohirning yutug‘i Bibisorani ayollar o‘rtasidagi Nomzodlar turniriga chiqish uchun yanada jiddiy kurashishga ruhlantirgan.

Foto: Sindarov / Instagram

Muhabbat haqidagi fikrlar

Munosabatlar haqidagi muhokamalar 2026-yil bahorida Kiprda o‘tkazilgan erkaklar va ayollar Nomzodlar turnirlari vaqtida avjiga chiqdi. Javohir va Bibisora parallel musobaqalarda qatnashdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Assaubayevaning Sindarovni intervyudan keyin kutib turgani, ularning birga zalni tark etgani va turnir oralig‘ida tez-tez yonma-yon ko‘ringani aks etgan videolar tarqaldi. O‘sha paytda sportchilar munosabatlariga rasmiy izoh bermagani uchun nashrlar buni dastlab «ehtimoliy roman» sifatida yoritgan edi.

Turnirning hal qiluvchi qismida Sindarov muddatidan oldin g‘oliblikni ta’minlagach, Assaubayeva uning bilan tushgan suratini Telegram kanaliga joylashtirib, «Mening chempionim» deb yozdi.

Yurak belgisi bilan berilgan ushbu jumla munosabatlar haqidagi taxminlarni yanada kuchaytirdi. Bibisora o‘sha vaqtda ayollar Nomzodlar turnirida ham g‘oliblik uchun kurashayotgan edi. Yakunda u ikkinchi o‘rinni egalladi, Sindarov esa 14 imkoniyatdan 10 ochko yig‘ib, jahon chempionligi uchun bahsga yo‘llanma oldi.

Foto: Instagram

Sovg‘alar va oila a’zolarining munosabati

2026-yil iyulida ular AQSHda bir-biriga hazilomuz sovg‘alar berdi. Miyami shahrida olingan suratlarda Sindarov Bibisoraning surati tushirilgan va «O‘ziga ortiqcha farzin ta’minladi» mazmunidagi yozuv joylangan futbolkani kiygan.

Assaubayevaga esa Javohirning surati va «Mening sevimli grossmeysterim» degan yozuv tushirilgan futbolka sovg‘a qilindi. Bibisora Javohir uchun muxlislar orasida eng ko‘p yozilgan izohlardan birini tanlaganini aytdi.

Ikki yoshning munosabatiga Javohir Sindarovning bobosi, uning ilk murabbiyi va O‘zbekiston Shaxmat federatsiyasi raisi o‘rinbosari Komil Sindarov ham munosabat bildirgan. U Bibisora Assaubayevani aqlli va munosib qiz, Javohirni esa o‘z tanlovini anglab qila oladigan inson sifatida ta’riflagan.

Komil Sindarovning aytishicha, nabirasi o‘ziga munosib hamroh tanlasa, oila uning istagini hurmat qiladi. U yoshlar o‘rtasidagi do‘stlik muhabbatga aylanayotgan bo‘lsa, bunga qarshi emasligini ta’kidlab, «Biz ularni qo‘llab-quvvatlaymiz, oq yo‘l tilab, duomizni beramiz» degan. Javohirning bobosi bu yoshni sevish va sevilish davri deb atab, oilasi ikki shaxmatchining kelajakdagi qarorini qo‘llab-quvvatlashini ochiq bildirgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Javohir Sindarov va Bibisora Assaubayeva bir-biriga atalgan futbolka kiygani haqida yozgan edi.

Shuningdek