Abbosbek Fayzullayev yana tilga olinmoqda

22-iyul 2026 10:16 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Abbosbek Fayzullayev yana tilga olinmoqda
Foto: Getty Images

O‘zbekiston terma jamoasi yarim himoyachisi Abbosbek Fayzullayev 2026-yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionatining eng tezkor futbolchilari qatoridan joy oldi. Sofascore tuzgan reytingga ko‘ra, o‘zbekistonlik futbolchi o‘yinlardan birida 36 km/soat tezlikka chiqib, turnir ishtirokchilari orasida to‘rtinchi natijani qayd etdi.

Fayzullayevning ko‘rsatkichi reyting yetakchisi, Argentina terma jamoasi himoyachisi Nikolas Talyafikodan atigi 0,2 km/soatga kam bo‘ldi. Argentinalik futbolchi 36,2 km/soat tezlik bilan ro‘yxatning birinchi pog‘onasini egalladi.

Foto: Sofascore

Fransiya terma jamoasi himoyachisi Jyul Kunde va Shveysariya vakili Jibril Sou 36,1 km/soat natija bilan ikkinchi hamda uchinchi o‘rinlarni band etdi. Abbosbek Fayzullayev esa 36 km/soat tezlik bilan ulardan atigi 0,1 km/soat ortda qoldi.

Xuddi shunday natijani argentinalik Nahuel Molina va Enso Fernandes ham qayd etdi. Ular reytingda mos ravishda beshinchi va oltinchi o‘rinlarga joylashtirilgan. Xorvatiyalik Yosip Stanisich, fransiyalik Teo Ernandes, meksikalik Xulian Kinyones va misrlik Mostafa Ziko 35,9 km/soat tezlik bilan kuchli o‘ntalikni yakunladi.

Foto: Getty Images

Sofascore reytingida futbolchilarning uchrashuvlar davomida qayd etgan eng yuqori tezligi hisobga olingan. Fayzullayevning 36 km/soatlik natijasi uni jahon chempionatining eng tezkor argentinalik va yevropalik futbolchilari bilan bir qatorga olib chiqdi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Abbosbek Fayzullayev to‘yda qaylig‘ini qanday o‘pgani haqida yozgan edi.

Shuningdek