Shomurodovning goli JCh-2026 so‘rovnomasida 2-o‘rinni oldi

28-iyul 2026 07:57 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Shomurodovning goli JCh-2026 so‘rovnomasida 2-o‘rinni oldi
Foto: Instagram/ Shomurodov

O‘zbekiston milliy terma jamoasi sardori Eldor Shomurodovning Kongo Demokratik Respublikasi darvozasiga urgan goli FIFA tomonidan o‘tkazilgan Hyundai «Turnirning eng chiroyli goli» so‘rovnomasida ikkinchi o‘rinni egalladi.

Ovoz berish yakunlariga ko‘ra, Kabo-Verde futbolchisi Sidni Lopes Kabralning Argentinaga qarshi goli g‘olib deb topildi. Gaitilik Vilson Izidorning Marokash darvozasiga yo‘llagan kuchli zarbasi uchinchi o‘rinni band etdi. FIFA muxlislar tanlovi uchun jahon chempionatida urilgan 308 ta gol orasidan 12 tasini saralab olgan edi.

Foto: O‘FA

Shomurodov ushbu golni 2026-yil 27-iyun kuni AQShning Jorjiya shtati Atlanta shahridagi Mercedes-Benz stadionida o‘tkazilgan guruh bosqichi uchrashuvida urgan. O‘yin Toshkent vaqti bilan 28-iyun kuni soat 04:30 da boshlangan. K guruhining so‘nggi turidan o‘rin olgan bahsda O‘zbekiston Kongo DRga 1:3 hisobida imkoniyatni boy bergan.

Terma jamoamiz sardori uchrashuvning 10-daqiqasida hisobni ochgan. Uzoq uzatilgan to‘pdan keyin Abbosbek Fayzullayev uni bir tegishda Shomurodov tomon yo‘naltirgan. Hujumchi tezlikda himoyachi Aaron Van-Bissakani ortda qoldirib, keskin burchakdan oldinga chiqqan darvozabon Lionel Mpasi ustidan to‘pni oshirib yuborgan. Nozik va aniq bajarilgan zarba O‘zbekistonga mundialdagi ikkinchi golini taqdim etgan.

O‘yin o‘zi qanday o‘tgan edi

Shomurodov uchrashuvning dastlabki soniyalarida ham to‘pni darvozaga kiritgan, biroq bu vaziyatda ofsayd qayd etilgan edi. O‘zbekiston birinchi bo‘limni oldinda yakunlaganiga qaramay, tanaffusdan keyin Yoan Vissa penaltidan hisobni tenglashtirdi. Keyinchalik Fiston Mayele Kongo DRni oldinga olib chiqdi, Vissa esa qo‘shib berilgan vaqtda ikkinchi golini urib, yakuniy hisobni o‘rnatdi.

Shomurodovning goli avvalroq jahon chempionati guruh bosqichining eng chiroyli goli deb topilgan edi. FIFA o‘tkazgan dastlabki 48 soatlik ovoz berishda o‘zbekistonlik futbolchi 36 foiz ovoz to‘plagan. Vilson Izidor 26,5 foiz bilan ikkinchi, Bosniya va Gersegovina vakili Kerim Alaybegovich esa 24,9 foiz ovoz bilan uchinchi natijani qayd etgan. Shu tariqa, Shomurodovning zarbasi turnir yakunidagi asosiy so‘rovnomaga yo‘llanma olgan.

FIFA 21-iyul kuni yakuniy sovrin uchun kurashadigan 12 ta golni e’lon qilgan. Shomurodov bilan birga Xulian Alvares, Jud Bellingem, Erling Holand, Kilian Mbappe, Lionel Messi, Ferran Torres, Sidni Lopes Kabral va boshqa futbolchilarning gollari nomzodlar qatoriga kiritilgan. Muxlislarning yakuniy ovoz berishi 27-iyulgacha davom etdi.

Avvalroq «Kursiv» Shomurodov va Fayzullayev UEFA turnirida yurishini boshlagani haqida yozgan edi.

Shuningdek