Chevrolet Cobalt va Onix: qaysi biri yaxshi

28-iyul 2026 11:05 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Chevrolet Cobalt va Onix: qaysi biri yaxshi
Manba: Kursiv Uzbekistan

O‘zbekiston avtomobil bozorida Chevrolet Cobalt va Onix bir-biriga eng ko‘p solishtiriladigan sedanlardan hisoblanadi. «O‘zavtosanoat» AJ ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yil yanvar–iyun oylarida 40 936 dona Cobalt va 19 595 dona Onix sotilgan. Kursiv Uzbekistan ikki modelni taqqosladi, eskpertlar fikri bilan qiziqdi.

Maqoladan quyidagilarni bilib olasiz:

Texnik imkoniyatlar

Rasm: SI

Chevrolet Cobalt 1,5 litrli to‘rt silindrli atmosfera dvigateli bilan jihozlangan. Motor 106 ot kuchi va 134 Nm aylanish momentini ishlab chiqaradi. Xaridor besh pog‘onali mexanik yoki olti pog‘onali avtomatik uzatmalar qutisini tanlashi mumkin. Avtomobilning 0 dan 100 km/soatgacha tezlashishi versiyasiga qarab 11,7–12,6 soniyani tashkil qiladi.

Onix esa ikki xil motor bilan ishlab chiqariladi. Bazaviy 1,2 litrli atmosfera dvigateli 90 ot kuchi va 115 Nm aylanish momentiga ega hamda besh pog‘onali mexanik uzatma bilan ishlaydi. Turbomotorli Onix 132 ot kuchi va 190 Nm aylanish momentini ishlab chiqaradi, unga olti pog‘onali avtomatik uzatmalar qutisi o‘rnatiladi.

Shu sababli bazaviy Onix’ni Cobalt bilan solishtirganda, dvigatel quvvati bo‘yicha ustunlik Cobalt tomonida qoladi. Onix Turbo esa Cobalt’dan ancha chaqqon. Ayniqsa avtomobil to‘liq yuklanganda, shahar ichida tezlik olishda va trassada quvib o‘tishda 190 Nm aylanish momentining afzalligi seziladi.

Ekspert nima deydi

Foto: Kursiv Uzbekistan

Avtomobillar bo‘yicha ekspert Komil Sulaymonovning aytishicha, Cobalt kundalik shahar harakatida o‘z vazifasini bajaradi, biroq undan yuqori dinamika kutish kerak emas.

«Cobalt atmosfera dvigateli bilan shaharda xotirjam harakatlanadi, ammo u juda dinamik emas. Bu, ayniqsa, avtomobil to‘liq yuklanganda yoki trassada tez quvib o‘tish kerak bo‘lganida seziladi. Onix turbomotorining tezlanishi ancha chaqqon. Shaharda joyidan qo‘zg‘alishda va quvib o‘tishda bu yaxshi bilinadi. Trassada ham, to‘liq yuklama bilan ham Onix o‘zini ishonchliroq his qiladi», — deydi u.

Jihozlanish va xavfsizlik bo‘yicha ham Onix ustunroq imkoniyatlarga ega. Komplektatsiyaga qarab unda elektron barqarorlik tizimi, shinalar bosimini kuzatish, yon xavfsizlik yostiqchalari, kruiz-nazorat, orqa kamera, parkovka tizimi, kalitsiz kirish va motorni tugma orqali ishga tushirish kabi funksiyalar mavjud. Cobalt’da asosiy urg‘u soddalik, konditsioner, ABS, ikkita xavfsizlik yostiqchasi va kundalik foydalanish uchun zarur jihozlarga qaratilgan.

Dizayn va o‘lchamlar

Chevrolet Onix avtomobili
Foto: Samijon Juraqulov / Kursiv Uzbekistan

Onix tashqi ko‘rinish jihatidan zamonaviyroq avtomobil hisoblanadi. Pastroq kuzov, kengroq radiator panjarasi, kunduzgi LED chiroqlar, proyektor turidagi faralar va 16 dyuymli disklar unga sportga moyil qiyofa beradi. Salonda esa 8 dyuymli multimedia ekrani, ko‘p funksiyali rul va zamonaviyroq old panel mavjud.

Cobalt dizayni esa ancha konservativ. Model uzoq yillardan beri katta o‘zgarishsiz ishlab chiqarilayotgani sabab tashqi va ichki ko‘rinishi Onix kabi zamonaviy taassurot bermaydi. Shunga qaramay, uning asosiy afzalligi dizayndan ko‘ra amaliylikda ko‘rinadi.

Avtomobillarning uzunligi deyarli bir xil: Cobalt 4 479 millimetr, Onix esa 4 474 millimetr. Onix 1 746 millimetr kenglikka ega bo‘lib, Cobalt’dan 11 millimetr kengroq. Cobalt esa 1 514 millimetr balandligi bilan Onix’dan qariyb to‘rt santimetr balandroq. Uning g‘ildirak bazasi ham 20 millimetr uzunroq — 2 620 millimetr.

Ekspert nima deydi

Chevrolet Cobalt
Foto: Autostrada

Automotive Exhibition korxonasi Art-direktori Aziz Sayidovning fikricha, salon kengligi, yukxona hajmi, osma tizimining yo‘l notekisliklariga moslashuvi va klirens bo‘yicha Cobalt yaxshiroq natija ko‘rsatadi. Onix esa elektron jihozlar, tezlanish, boshqaruv qulayligi va umumiy komfort jihatidan oldinda.

«Hozirgi sharoitda Onix shaharda foydalanish uchun yaxshi tanlov. U zamonaviyroq, tezlanishi chaqqon va boshqarishda qulay. Cobalt esa keng salon, katta yukxona va yumshoqroq osma hisobiga uzoq safarlarda hamon peshqadam bo‘lib qolmoqda», — ta’kidladi ekspert.

Foydalanish xarajatlari

Chevrolet Onix avtomobili
Foto: Samijon Juraqulov / Kursiv Uzbekistan

Cobalt’ning eng katta ustunliklaridan biri uning O‘zbekiston bozorida uzoq vaqt davomida ishlab chiqarilgani va texnik tuzilishi yaxshi o‘rganilganidir. Ehtiyot qismlar keng tarqalgan, ko‘plab ustalar ushbu modelni ta’mirlash tajribasiga ega. Atmosfera dvigatelida turbina yo‘qligi sabab konstruksiya sodda va uzoq muddatli foydalanishda qo‘shimcha murakkab uzellarga xizmat ko‘rsatish talab etilmaydi.

Onix Turbo esa zamonaviyroq va samaraliroq, biroq xizmatga talabchanroq. Turbina va yuqoriroq yuklama ostida ishlaydigan dvigatel uchun moyni belgilangan muddatda almashtirish, sifatli filtr va ehtiyot qismlardan foydalanish muhim. Yonilg‘i sifati, sovitish tizimining holati va texnik xizmatni kechiktirmaslik ham motorning uzoq ishlashiga ta’sir qiladi.

Ekspert nima deydi

Foto: Sportishka

«Turbomotor yanada e’tiborli xizmat ko‘rsatishni talab qiladi. Moyni o‘z vaqtida almashtirish va sifatli sarf materiallaridan foydalanish kerak. Cobalt bu jihatdan sodda va kamroq talabchan», — deydi Komil Sulaymonov.

Uning fikricha, yakuniy tanlov xaridorning ustuvor talablariga bog‘liq.

«Rostini aytganda, hammasi insonning aynan nimaga ehtiyoji borligiga bog‘liq. Onix zamonaviyroq, jihozlari boyroq, qulayroq va kundalik haydashda yoqimliroq. Bu, ayniqsa, salon va dinamikada seziladi. Cobalt esa konstruksiya jihatidan sodda va odatda xizmat ko‘rsatish arzonroq. Zamonaviy avtomobil istagan va unga yaxshi qarashga tayyor odam uchun Onix qiziqroq. Asosiy talab soddalik, hamyonbop ehtiyot qismlar va arzon xizmat bo‘lsa, Cobalt juda yaxshi variant bo‘lib qoladi», — deydi ekspert.

Avtomatik uzatmalar qutisi bo‘yicha har ikki modelda olti pog‘onali klassik avtomat qo‘llanadi. Biroq Onix Turbo transmissiyasi kuchliroq aylanish momenti bilan ishlaydi va uning boshqaruv algoritmlari tezlanishga ko‘proq moslashtirilgan. Cobalt avtomati esa bozorda uzoq yildan beri ishlatilgani, tuzilishi ustalarga tanishligi va ehtiyot qismlarining ommaviyligi bilan ajralib turadi.

Yurish masofasi va yonilg‘i sarfi

Chevrolet Onix
Foto: UzAuto Motors

Rasmiy ma’lumotlarda Cobalt’ning yonilg‘i sarfi mexanik versiyada shaharda 8,4 litr, trassada 6,2 litrni tashkil qiladi. Avtomatik Cobalt’da esa bu ko‘rsatkich mos ravishda 10 va 6,7 litrga yetadi. Uning yonilg‘i baki 47 litr sig‘imga ega va avtomobil AI-91 benzini uchun moslashtirilgan.

Onix’ning 1,2 litrli atmosfera versiyasi uchun aralash sarf 5,5 litr, Turbo AT uchun esa 6,5 litr deb ko‘rsatilgan. Trassadagi rasmiy sarf mos ravishda 4,8 va 4,7 litrni tashkil qiladi. Yonilg‘i bakining hajmi 44 litrga teng.

Ekspert fikri

Rasm: SI

Amaliyotda esa raqamlar yo‘l sharoiti, tirbandlik, konditsioner, avtomobildagi yuk va haydash uslubiga qarab o‘zgaradi. Komil Sulaymonov Onix Turbo shaharda o‘rtacha 7–9 litr, Cobalt esa 8–10 litr benzin sarflashini kutish mumkinligini aytadi.

Kuchli tirbandlik va konditsioner ishlaganda ikkala modelning sarfi ham bundan yuqori bo‘lishi mumkin.

«Real foydalanishda Onix odatda tejamkorroq, ayniqsa xotirjam haydalganda. Trassada Onix 100 kilometrga taxminan 5–6,5 litr, Cobalt esa 6–7,5 litr sarflashi mumkin. Biroq turbomotorda doim faol tezlanilsa, Onix’ning sarfi ham sezilarli oshadi», — deya qayd etdi Sulaymonov.

Ushbu amaliy sarf va bak hajmidan kelib chiqilsa, Onix Turbo bir bak bilan shaharda nazariy jihatdan qariyb 490–630 kilometr, trassada 680–880 kilometr yurishi mumkin. Cobalt’da bu ko‘rsatkich shaharda taxminan 470–590 kilometrni, trassada 630–780 kilometrni tashkil qiladi. Amalda yonilg‘i zaxirasi, tirbandlik va tashqi sharoitlar sabab bosib o‘tiladigan masofa kamroq bo‘ladi.

Avvalroq «Kursiv» Chevrolet’ning yangi avtomobili qanday narxda sotilishi haqida yozgan edi.

Shuningdek