
Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UEFA) FIFA turnirlarining tijorat huquqlariga xususiy investorlarni jalb qilish rejasiga qarshi chiqib, tashkilot musobaqalarini boykot qilishini e’lon qildi. Qarama-qarshilik davom etsa, UEFA terma jamoalar uchun 2017-yilda ishlab chiqilgan 56 jamoali Global Millatlar ligasi konsepsiyasiga qaytishi mumkin.
UEFA va unga a’zo 55 ta milliy futbol assotsiatsiyasi 30-iyul kuni o‘tkazilgan favqulodda yig‘ilishda FIFA taklifini bir ovozdan rad etdi. Yevropa tashkiloti FIFA rejadan to‘liq voz kechmaguncha va o‘z boshqaruvi hamda musobaqalarini kelajakda xususiy mulkka bermaslik bo‘yicha majburiy kafolat taqdim etmaguncha, Yevropa terma jamoalari FIFA turnirlarida qatnashmasligini bildirdi.
UEFA Jahon chempionatini boykot qilishga tayyor
UEFA bayonotida Jahon chempionati futbolchilar, terma jamoalar va muxlislarning bir necha avlodi tomonidan yaratilgan futbol merosi ekani ta’kidlandi. Tashkilot fikricha, mundialni investitsiya mahsuloti sifatida ko‘rish yoki uning bir qismini xususiy investorlarga topshirish mumkin emas.
Yevropa futboli rahbariyati tashabbusni tayyorlash jarayonini ham tanqid qildi. UEFAga ko‘ra, futbol uchun katta ahamiyatga ega bo‘lgan taklif milliy assotsiatsiyalar va boshqa manfaatdor tomonlar bilan mazmunli maslahatlashuvlarsiz ishlab chiqilgan. Tashkilot buni FIFA rahbariyatining jiddiy xatosi deb baholadi.
UEFA xususiy investorlar FIFA musobaqalaridan ulush olsa, futbolni rivojlantirish o‘rniga moliyaviy daromad ustuvor maqsadga aylanishidan xavotirda. Bunday sharoitda xalqaro taqvim, musobaqalar formati va turnirlarning kelajagi haqidagi qarorlar futbol manfaatlaridan ko‘ra aksiyadorlarning daromadiga qarab qabul qilinishi mumkin.
«Jahon chempionati sotilmaydi», deya ta’kidladi UEFA. Tashkilot milliy assotsiatsiyalar, ligalar, klublar, futbolchilar va muxlislar manfaatlari investorlar daromadiga bo‘ysundirilmasligi kerakligini bildirdi.
FIFA $20 mlrdlik kompaniya tashkil etmoqchi
Mojaroga FIFA prezidenti Janni Infantino ilgari surgan FIFA Forward Enterprise loyihasi sabab bo‘ldi. Rejaga ko‘ra, FIFA qiymati taxminan $20 mlrd bo‘lgan yangi sho‘ba korxonasini tashkil etadi. Kompaniya FIFAning teletranslyatsiya, homiylik, chiptalar savdosi va litsenziyalash huquqlarini, shuningdek, tashkilot musobaqalarining tijoriy boshqaruvini birlashtiradi.
FIFA yangi kompaniyaning 20%gacha bo‘lgan, boshqaruv huquqini bermaydigan ozchilik ulushini tashqi investorlarga taklif qilib, $4,2 mlrdgacha mablag‘ jalb etishni rejalashtirmoqda. Shu bilan birga, FIFA sport qoidalari, turnir formatlari, xalqaro taqvim va musobaqalarni o‘tkazish bo‘yicha yakuniy nazorat o‘zida qolishini ta’kidlamoqda.
Infantino FIFAga a’zo 211 ta assotsiatsiyaga loyiha 19-sentabrgacha qo‘llab-quvvatlansa, har biriga rivojlantirish dasturlari doirasida $40 mln ajratilishini bildirgan. UEFA esa bunday taklifni federatsiyalarga bosim o‘tkazish vositasi sifatida baholamoqda.
FIFA 31-iyul kuni e’lon qilgan izohida «hech kim futbolni sotmayotgani»ni ma’lum qildi. Tashkilot ayrim OAV xabarlari taklif mazmunini noto‘g‘ri talqin qilganini bildirib, barcha a’zo assotsiatsiyalar bilan maslahatlashuvni davom ettirishini qayd etdi. FIFAga ko‘ra, ko‘pchilik federatsiyalar loyiha uchun ovoz bermasa, FIFA Forward Enterprise tashkil etilmaydi.
FIFA rejasiga Osiyo va CONCACAF ham qarshi
UEFA bilan birga Shimoliy, Markaziy Amerika va Karib havzasi futbol konfederatsiyasi ham FIFA taklifini rad etdi. CONCACAFga a’zo 41 ta assotsiatsiya loyiha tegishli boshqaruv organlarida yetarlicha muhokama qilinmagani, qaror qabul qilish uchun qisqa muddat belgilanganini va jarayon shaffof bo‘lmaganini bildirdi.
Osiyo futbol konfederatsiyasi ham UEFA va CONCACAF pozitsiyasini qo‘llab-quvvatlab, FIFA boshqaruvi hamda qaror qabul qilish tizimini zudlik bilan qayta ko‘rib chiqishga chaqirdi. Biroq CONCACAF va Osiyo konfederatsiyasi UEFA kabi FIFA turnirlarini boykot qilishini e’lon qilgani yo‘q.
Uch konfederatsiya tarkibiga jami 143 ta milliy assotsiatsiya kiradi. Bu FIFAning 211 a’zosining yarmidan ko‘pini tashkil etadi va loyiha tasdiqlanishini jiddiy xavf ostida qoldiradi. Shunga qaramay, ayrim milliy federatsiyalar o‘z konfederatsiyasi pozitsiyasidan farqli qaror qabul qilishi mumkin.
56 jamoa yettita divizionga ajratilishi mumkin
FIFA bilan kelishmovchilik davom etsa, UEFA 2017-yilda ishlab chiqilgan Global Millatlar ligasi konsepsiyasidan foydalanishi mumkin. Britaniya OAV ma’lumotiga ko‘ra, loyiha terma jamoalarni xalqaro reytingdagi o‘rniga qarab yettita divizionga ajratishni nazarda tutgan.
Har bir qit’a konfederatsiyasi o‘z hududida saralash bosqichlarini o‘tkazishi, eng yaxshi jamoalar esa sakkiztadan terma jamoa ishtirok etadigan yettita alohida final turniriga yo‘l olishi rejalashtirilgan edi. Shu tariqa turli darajadagi terma jamoalar uchun yettita mini-Jahon chempionati tashkil qilinib, ularda jami 56 jamoa qatnashishi mumkin edi.
Har bir final turniri alohida mamlakatda bir hafta davomida o‘tkazilishi va chorak final bosqichidan boshlanishi ko‘zda tutilgan. Eng yuqori divizionda Yevropadan uchta, Janubiy Amerikadan ikkita, Afrika, Osiyo hamda Shimoliy va Markaziy Amerikadan bittadan terma jamoa qatnashishi rejalashtirilgan.
Musobaqani har ikki yilda bir marta, Yevropa yoki Jahon chempionati o‘tkazilmaydigan toq yillarda tashkil etish taklif qilingan. UEFAning 2018-yilda yo‘lga qo‘yilgan Millatlar ligasi esa Yevropa terma jamoalari uchun saralash vazifasini bajarishi mumkin edi.
Biroq Global Millatlar ligasi 2017-yilda konsepsiya darajasidan o‘tmagan va uni ishga tushirish bo‘yicha hozir ham rasmiy qaror qabul qilinmagan. Shu sabab UEFAning FIFAga muqobil turnir yaratishi hozircha ehtimoliy ssenariy bo‘lib qolmoqda. Agar FIFA xususiy investorlarni jalb qilish rejasidan voz kechmasa va Yevropa terma jamoalarining boykoti amalda boshlansa, mazkur loyiha yana xalqaro futbol kun tartibiga qaytishi mumkin
Avvalroq «Kursiv» Jahongir O‘rozov transferi bo‘yicha summa aniq bo‘lgani haqida yozgan edi.