
Xitoyning Xpeng kompaniyasi global bozor uchun ishlab chiqilgan Xpeng G9L elektr krossoverining salonini namoyish etdi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.
Besh o‘rindiqli to‘liq o‘lchamli model 5,1 kvadrat metr foydali ichki maydon, keng ikkinchi qator, 12,5 litrli muzlatkich va 577 ot kuchiga ega ikki motorli tizim bilan jihozlanadi.
Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, Xpeng G9L o‘z sinfidagi eng keng ikkinchi qatorlardan birini taklif etadi. Orqa qatordagi o‘ng o‘rindiq elektr oyoq tayanchi va «nol gravitatsiya» rejimiga ega. Old yo‘lovchi o‘rindig‘i ham ushbu rejimni qo‘llab-quvvatlaydi hamda to‘liq yotqizilganda orqa yo‘lovchi uchun uxlash joyini hosil qiladi.

Texnik imkoniyatlar
Ikkinchi qatorning markaziy o‘rindig‘i tirsakqo‘ygichga aylantiriladi. Unda ikkita stakan tutqichi, smartfon uchun simsiz quvvatlash maydonchasi, jismoniy boshqaruv tugmalari va aylantiriladigan katta yig‘ma stol joylashgan. Salon ovoz orqali boshqariladigan 12,5 litrli muzlatkich va orqa yo‘lovchilar uchun katta ekran bilan ham jihozlangan.

Old panelda suzuvchi multimedia ekrani, ingichka raqamli asboblar paneli va to‘ldirilgan reallik texnologiyasiga ega proyeksion displey mavjud. Markaziy tunnelda ikkita simsiz quvvatlash maydonchasi, stakan tutqichlari va yashirin saqlash bo‘limi joylashtirilgan. Salon panoramali tom, fon yoritgichi, yulduz naqshli charm o‘rindiqlar va elektr boshqariladigan orqa deraza pardalariga ega. Eshiklar tugma orqali ochilib, yumshoq yopilish funksiyasini qo‘llab-quvvatlaydi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Xpeng G9L avtomobili qanday imkoniyatlar bilan chiqishi haqida yozgan edi.