Redmi 17 5G smartfoni taqdim etildi — narx, foto

6-avgust 2026 12:11 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Redmi 17 5G smartfoni taqdim etildi — narx, foto
Foto: Redmi

Xiaomi Xitoy bozorida yangi budjet modeli — Redmi 17 5G smartfonini rasman taqdim etdi. Bu haqda Gizmochina nashri xabar bermoqda.

Qurilma 120 Hz yangilanish chastotasiga ega katta ekran, 6 300 mA·soat sig‘imli batareya va beshinchi avlod mobil tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlashi bilan ajralib turadi.

Smartfonning Xitoydagi boshlang‘ich narxi 999 yuan yoki qariyb $150 etib belgilangan. Redmi 17 5G savdoga uch xil rangda chiqarildi.

Ekran o‘lchami 6,9 dyuymni tashkil etadi

Foto: Redmi

Redmi 17 5G smartfoniga 1 600 × 720 piksel aniqlikdagi 6,9 dyuymli HD+ LCD ekran o‘rnatilgan. Displey 120 Gts yangilanish chastotasi va 240 Gts gacha sensorli javob tezligini qo‘llab-quvvatlaydi. Uning maksimal yorqinligi 800 nitga yetadi.

Panel TÜV Rheinland’ning ko‘zni himoya qilish bo‘yicha uchta sertifikatiga ega. Wet Touch 2.0 texnologiyasi esa foydalanuvchiga ekranni nam barmoqlar bilan ham boshqarish imkonini beradi.

Qurilma zavoddan Xiaomi HyperOS 3 operatsion tizimi bilan yetkazib beriladi.

Unisoc T8300 protsessori o‘rnatilgan

Smartfonning ishlashi 6 nanometrli texnologik jarayon asosida ishlab chiqarilgan sakkiz yadroli Unisoc T8300 protsessori tomonidan ta’minlanadi. Chipning maksimal takt chastotasi 2,2 GGs ni tashkil etadi.

Redmi 17 5G 4 yoki 6 GB LPDDR4X tezkor xotira hamda 128 GB UFS 2.2 ichki xotira bilan taklif qilinadi. Alohida microSD uyasi orqali xotirani kengaytirish ham mumkin.

Batareya to‘rt yil xizmat qilishi aytilmoqda

Foto: Redmi

Smartfon 6 300 mA·soat sig‘imli batareya bilan jihozlangan. Xiaomi ma’lumotiga ko‘ra, akkumulyator to‘rt yilgacha o‘z xususiyatlarini saqlab qolishga mo‘ljallangan.

Qurilma 15 Vt quvvatlashni, PD va QC protokollarini qo‘llab-quvvatlaydi. Shuningdek, 7,5 Vt quvvatli simli teskari quvvatlash funksiyasi yordamida boshqa qurilmalarni quvvatlantirish mumkin.

Redmi 17 5G’ning orqa panelida 13 megapikselli asosiy kamera, old tomonida esa selfi va videoqo‘ng‘iroqlar uchun 8 megapikselli kamera mavjud.

Narxi $150 dan boshlanadi

Smartfon 5G, Wi-Fi 5 va Bluetooth 5.4 texnologiyalarini qo‘llab-quvvatlaydi. Qurilmada USB Type-C porti, 3,5 millimetrli quloqchin ulagichi va yon tomonga joylashtirilgan barmoq izi skaneri ham mavjud.

Redmi 17 5G korpusining qalinligi 8,15 millimetr, og‘irligi esa 210 grammni tashkil etadi.

Xitoyda 4/128 GB xotirali versiya 999 yuan — qariyb $150, 6/128 GB variant esa 1 199 yuan yoki taxminan $180 dan sotilmoqda. Smartfon ko‘k, qora va oq ranglarda taqdim etilgan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Redmi K100 Pro qanday imkoniyatlarni olishi haqida yozgan edi.

Shuningdek