Redmi Note 17 global bozorga chiqdi — narx

6-avgust 2026 17:53 eʼlon qilindi

Sapura Temirxanova

Sapura Temirxanova

Muxbir temirxanovasapura@gmail.com
Redmi Note 17 global bozorga chiqdi — narx
Foto: Redmi

Redmi Note 17 Xitoydan tashqarida ilk bor Hindistonda taqdim etildi, deya xabar berdi Gizmochina. Smartfon 8000 mA/soat sig‘imli katta batareya, 6,9 dyuymli AMOLED ekran, IP65 himoya darajasi va olti yil xavfsizlik yangilanishlari bilan chiqdi.

Ekran 120 Gs gacha adaptiv yangilanish chastotasi, DCI-P3 rang qamrovi va 1800 nitgacha maksimal yorqinlikni qo‘llab-quvvatlaydi.

Displey Corning Gorilla Glass 7i oynasi bilan himoyalangan.

Batareya 8000 mA/soatni tashkil etadi

Modelning asosiy jihatlaridan biri 8000 mA/soat sig‘imli akkumulyator. Bu Redmi qurilmalari tarixidagi eng katta batareyalardan biri sifatida ko‘rsatilmoqda.

Smartfon 45 Vt quvvatda simli zaryadlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Zaryadlovchi qurilma qutiga kiritilgan. Bundan tashqari, 22,5 Vt quvvatda teskari simli zaryadlash imkoniyati ham bor.

Snapdragon 4 Gen 4 chipi ishlatilgan

Foto: Redmi

Redmi Note 17 Snapdragon 4 Gen 4 platformasida ishlaydi. Ushbu chip 4 nanometrli texnologiya asosida ishlab chiqarilgan.

Redmi ma’lumotiga ko‘ra, qurilma qutidan chiqqan holatida 48 oy davomida barqaror ishlashga mo‘ljallangan.

Kamera va himoya imkoniyatlari

Smartfon 50 megapikselli asosiy kameraga ega. Unda kadrni kesish hisobiga ikki karra zum imkoniyati bor. Old kamera esa 8 megapikselli sensor bilan jihozlangan.

Redmi Note 17 IP65 darajasidagi himoya, ekran ostidagi barmoq izi skaneri, stereodinamiklar va mustahkamlangan ichki korpus tuzilmasiga ega.

Olti yil xavfsizlik yangilanishi beriladi

Qurilma Android 16 va HyperOS 3 interfeysi bilan ishlaydi. Kompaniya smartfon uchun to‘rtta yirik Android yangilanishi va olti yil xavfsizlik yangilanishlarini va’da qilmoqda.

Narxi $300 dan boshlanadi

Hindistonda Redmi Note 17 narxi 6/128 GB talqin uchun taxminan $300 etib belgilangan. Aksiya doirasida bu narx $270 atrofida bo‘ladi.

8/128 GB talqin esa $325 turadi. Aksiya narxi $300 atrofida bo‘lishi aytilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Redmi K100 Pro qachon taqdim etilishi ma’lum qilingandi. Kompaniya rahbari Lu Veybing yangi qurilmalarni «maksimal imkoniyatlarga ega flagmanlar» deb atadi.

Shuningdek