Jorjina Rodriges va Ronaldu qayerda turmush qurishdi

12-avgust 2026 07:20 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Jorjina Rodriges va Ronaldu qayerda turmush qurishdi
Kollaj: Marca

Krishtianu Ronaldu va Jorjina Rodriges qariyb o‘n yillik munosabatlardan so‘ng rasman turmush qurdi. Juftlik 11-avgust kuni Portugaliyaning Kashkays shahrida yaqinlari davrasida fuqarolik nikohidan o‘tgan. Marosimda ularning besh nafar farzandi ham qatnashgan, deb yozmoqda Marca.

Hozircha Ronaldu va Rodriges nikoh marosimi aynan qayerda o‘tkazilganini oshkor qilmagan. Shu sababli marosim joyi borasida turli taxminlar paydo bo‘lmoqda.

To‘y Ronaldu qarorgohida o‘tgan bo‘lishi mumkin

Marca nashrining yozishicha, ehtimollardan biri — nikoh marosimi futbolchining Kashkaysdagi shaxsiy qarorgohida tashkil etilgan bo‘lishi mumkin. Biroq bu ma’lumot hozircha juftlik tomonidan tasdiqlanmagan.

Foto: Instagram/ @georginagio

Bunday taxminga asosiy sabab marosimning yopiq va oilaviy shaklda o‘tkazilganidir. Shaxsiy hududda tashkil etilgan marosim Ronaldu va Rodrigesga tadbirni ommaviy axborot vositalari hamda fotograflardan uzoqda o‘tkazish imkonini bergan bo‘lardi.

Ronalduga tegishli qarorgoh Kashkaysning eng nufuzli hududlaridan biri — Quinta da Marinhada joylashgan. Uy futbolchi buyurtmasi asosida qurilgan va loyiha uch yildan ortiq vaqt davom etgan.

Taxminan 12 ming kvadrat metr yer maydonidagi majmuada sakkizta yotoqxona, qariyb 300 kvadrat metrli asosiy yotoq xonasi, basseynlar, sport zali, spa, kinoteatr, bouling maydoni hamda katta yerosti garaji mavjud.

Nikoh unashtiruvdan roppa-rosa bir yil o‘tib bo‘ldi

Jorjina Rodriges Krishtianu Ronaldu bilan unashtirilganini 2025-yil 11-avgust kuni ommaga ma’lum qilgan edi. Nikoh marosimi esa aynan bir yil o‘tib — 2026-yil 11-avgustda bo‘lib o‘tdi.

Shundan beri juftlik muxlislari to‘y sanasi va uning qayerda o‘tkazilishiga qiziqib kelayotgan edi. Bu boradagi muhokamalar Ronaldu avvalroq jahon chempionatidan keyin turmush qurishni rejalashtirayotganini aytganidan so‘ng yanada kuchaygan. Futbolchi o‘shanda aniq sanani ma’lum qilmagan edi.

Avgustdagi sanalar atrofida ko‘plab mish-mishlar tarqaldi

Foto: Instagram/ @georginagio

2026-yil avgustining dastlabki ikki shanbasi Ronaldu va Rodrigesning ehtimoliy to‘y sanalari sifatida keng muhokama qilingan. Marosim o‘tkazilishi mumkin bo‘lgan joylar haqida ham bir qator taxminlar ilgari surilgan, biroq ularning hech biri tasdiqlanmagan.

Ayrim mish-mishlar shu darajada keng tarqalganki, ba’zi muxlislar Ronaldu va Rodrigesning to‘yi bo‘lishi mumkin deb ko‘rsatilgan marosim joyi yaqiniga ham borgan. Keyinchalik ushbu tadbir mashhur juftlikka aloqador emasligi ma’lum bo‘lgan.

Avvalroq «Kursiv» Jorjina Rodriges haqida qiziqarli 5 ta faktni e’lon qilgan edi.

Shuningdek