
Portugaliyalik futbolchi Krishtianu Ronaldu va Jorjina Rodriges 11-avgust kuni Portugaliyaning Kashkaysh shahrida yopiq fuqarolik marosimida turmush qurgani haqida xabarlar tarqaldi. Marca nashriga ko‘ra, qariyb o‘n yillik munosabatlardan keyin o‘tgan marosim ommaviy tadbirdan ko‘ra, eng yaqin insonlar davrasidagi oilaviy bayram sifatida tashkil etilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, marosimda juftlikning besh farzandi hamda cheklangan doiradagi yaqinlari qatnashgan. Biroq to‘y mehmonlarining rasmiy ro‘yxati e’lon qilinmagan. Marca Ronalduning ko‘p yillik do‘stlari va yaqinlari haqidagi ma’lumotlarga asoslanib, marosimga taklif etilgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan besh insonni sanab o‘tdi.
Joze Semedu — mashhurlikdan oldingi do‘st

Ronalduning eng uzoq yillik do‘stlaridan biri — Joze Semedu. Ular hali o‘smirlik davridayoq Portugaliyaning «Sporting» klubi akademiyasida tanishgan. Bu paytda Ronaldu hali jahon futbolining eng mashhur yulduzlaridan biriga aylanmagan edi.
Ularning do‘stligi futbolchining faoliyati davomida ham saqlanib qoldi. Semedu Ronalduning turli shaxsiy tadbirlarida, jumladan, 2023-yildagi yopiq tug‘ilgan kun bazmida ham ko‘rinish bergan. Shu sababli Marca uni futbolchining eng yaqin doirasiga kiruvchi insonlardan biri sifatida ko‘rsatmoqda.
Pepe — Ronaldu bilan katta g‘alabalarni boshdan kechirgan futbolchi
Portugaliyalik sobiq himoyachi Pepe Krishtianu Ronaldu bilan faoliyatidagi eng muhim davrlarning katta qismini birga o‘tkazgan. Ular Madridning «Real» klubida birga o‘ynab, Yevropa Chempionlar ligasida bir necha bor g‘olib bo‘lgan.
Ikki futbolchi Portugaliya terma jamoasida ham tarixiy natijalarga erishdi. Xususan, ular 2016-yilgi Yevropa chempionati hamda UEFA Millatlar ligasidagi muvaffaqiyatlarda birga ishtirok etgan. Shu bois Pepe Ronaldu uchun shunchaki sobiq jamoadosh emas, balki uning futbolchilik faoliyatidagi eng muhim voqealarga guvoh bo‘lgan yaqin insonlardan biri hisoblanadi.
Rikardu Regufe — Ronalduning eng ishonchli insonlaridan biri

Rikardu Regufe uzoq yillardan buyon Ronalduning yaqin doirasida bo‘lib keladi. U futbolchining do‘sti va maslahatchisi sifatida faoliyatining turli bosqichlarida uning yonida bo‘lgan.
Regufe ommaviy axborot vositalarida tez-tez ko‘rinish bermasa-da, Ronalduning shaxsiy tadbirlarida qatnashib kelishi ularning yaqin munosabatlarini ko‘rsatadi. U ham 2023-yilda futbolchining tor doirada o‘tgan tug‘ilgan kun tadbirida qatnashgan. Marca fikricha, agar Ronaldu to‘yiga faqat eng ishonchli insonlarini taklif qilgan bo‘lsa, Regufe ular orasida bo‘lishi ehtimoli yuqori.
Marselo — sobiq jamoadoshdan yaqin do‘stgacha
Braziliyalik Marselo va Krishtianu Ronaldu Madridning «Real» klubida qariyb o‘n yil davomida birga to‘p tepgan. Ularning maydondagi hamkorligi klub tarixidagi eng muvaffaqiyatli davrlardan biriga to‘g‘ri kelgan.
Ronaldu va Marselo nafaqat ko‘plab sovrinlarni birgalikda qo‘lga kiritgan, balki maydon tashqarisida ham iliq munosabatlarni saqlab qolgan. Shu sababli braziliyalik sobiq himoyachi Ronalduning shaxsiy hayotidagi muhim tadbirga taklif etilishi mumkin bo‘lgan insonlardan biri sifatida tilga olinmoqda.
Ivana Rodriges — Jorjinaning eng yaqin insonlaridan biri

Mehmonlar orasida faqat Ronalduning do‘stlari emas, Jorjina Rodrigesning oilasi vakillari ham bo‘lishi tabiiy. Marca bu borada uning singlisi Ivana Rodriges nomini alohida qayd etadi.
Ivana Jorjina hali dunyo miqyosida mashhurlikka erishishidan ancha oldin uning yonida bo‘lgan. U opa-singlisining hayotidagi eng yaqin insonlardan biri hisoblanadi. Shu bois oilaviy ruhda va tor doirada o‘tgan to‘yda Ivananing qatnashgan bo‘lishi ehtimoli yuqori, deb baholanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Jorjina va Ronaldu qayerda turmush qurishgani haqida yozgan edi.