
Samsung kelgusi Samsung Galaxy S27 seriyasidagi smartfonlarga o‘zgaruvchan diafragmali kamera o‘rnatish rejasidan voz kechgan bo‘lishi mumkin, deb yozmoqda SamMobile ETNews ma’lumotlariga tayanib.
Yangi ma’lumotlarga ko‘ra, o‘zgaruvchan diafragma Galaxy S27, Galaxy S27+, Galaxy S27 Pro va Galaxy S27 Ultra modellarining hech birida qo‘llanmaydi.
Samsung yangi kamerani sinovdan o‘tkazgan
Ma’lumotlarga ko‘ra, Samsung MCNEX va Samsung Electro-Mechanics tomonidan ishlab chiqarilgan o‘zgaruvchan diafragmali kamera modullarini sinovdan o‘tkazgan.
Bunday texnologiya kamera obyektividan o‘tadigan yorug‘lik miqdorini sharoitga qarab mexanik ravishda o‘zgartirish imkonini beradi. Bu, ayniqsa, kuchli yorug‘lik yoki qorong‘i muhitda surat sifatini yaxshilashga yordam berishi mumkin.
Biroq ichki sinovlar yakunida kompaniya texnologiyani Galaxy S27 seriyasida qo‘llamaslikka qaror qilgani aytilmoqda.
Narx va kamera qalinligi asosiy sabab bo‘lgan
Manbaga ko‘ra, Samsung qaroriga bir nechta omil ta’sir qilgan. O‘zgaruvchan diafragma kamera modulining ishlab chiqarish xarajatlarini oshiradi hamda uning qalinligini ko‘paytiradi.
Sinovlarda esa surat sifatidagi yaxshilanish ushbu qo‘shimcha xarajatlar va konstruktiv murakkablikni oqlaydigan darajada katta bo‘lmagan.
Shu sababli Samsung dasturiy tasvirni qayta ishlash texnologiyalariga tayanishni davom ettirishi mumkin.
Kompaniya avval ham o‘zgaruvchan diafragmaga o‘xshash yechimdan foydalangan. Galaxy S9 seriyasi 2018-yilda ikki xil diafragma qiymatiga ega kamera bilan chiqarilgan, bu imkoniyat 2019-yilgi Galaxy S10’da ham saqlangan. Galaxy S20 seriyasidan boshlab esa Samsung ushbu mexanizmdan voz kechgan.
Galaxy S27 Ultra 200 MP kameraga ega bo‘lishi mumkin
Hozirgi ma’lumotlarga ko‘ra, Galaxy S27 Pro va Galaxy S27 Ultra kameralarida boshqa muhim yangilanishlar kutilmoqda.
Har ikki modelga 200 MP asosiy kamera, avtofokusli 50 MP ultra keng burchakli kamera hamda 16 MP old kamera o‘rnatilishi mumkin.
Galaxy S27 Pro’ning telekamerasi 3 karra optik yaqinlashtirishga ega 12 MP sensordan foydalanishi aytilmoqda. Galaxy S27 Ultra esa 5 karra optik zumli 50 MP telekamera bilan jihozlanishi mumkin.
Oddiy Galaxy S27 va Galaxy S27+ modellarida esa Samsung hozirgi avlodga yaqin konfiguratsiyani saqlab qolishi kutilmoqda. Ularga 50 MP asosiy, 12 MP ultra keng burchakli va 10 MP telekamera, shuningdek, 12 MP selfi kamerasi o‘rnatilishi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Samsung Galaxy telefonlari uchun AOD yangilanishi chiqqani haqida yozgan edi.