
Apple’ning ilk buklanadigan smartfoni – iPhone Ultra sotuvlar boshlanishida faqat AQSh bozorida paydo bo‘lishi mumkin. Bu haqda Avstraliyaning ChannelNews nashri mahalliy mobil operatorlar va yirik chakana savdo tarmog‘i ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.
Boshqa bozorlarda sotuv kechroq boshlanishi mumkin
Manbaga ko‘ra, buklanadigan iPhone Xitoy, Avstraliya va boshqa ayrim bozorlarda AQShdagi sotuvlar boshlanganidan bir necha oy o‘tib paydo bo‘lishi mumkin.
ChannelNews Apple qurilmani yetkazib berish, sinovdan o‘tkazish va uning narxini belgilash bilan bog‘liq muammolarga duch kelayotganini qayd etdi. Shu sababli Avstraliyadagi xaridorlar yangi modelni bir necha oy kutishiga to‘g‘ri kelishi mumkin.
Nashr manbalarining ma’lum qilishicha, iPhone 18 turkumidagi smartfonlar Avstraliyada sotuvga chiqqan paytda buklanadigan iPhone do‘konlarda bo‘lmasligi mumkin.
Taqdimot 8-sentabrda o‘tkazilishi aytilmoqda
ChannelNews yangi iPhone’lar taqdimoti 8-sentabr kuni bo‘lib o‘tishi mumkinligini ham yozdi.
Biroq 9to5Mac nashri ushbu ma’lumotlarga shubha bilan qaramoqda. Nashrning ta’kidlashicha, AQShda Mehnat kuni 7-sentabrga to‘g‘ri kelishi sababli Apple tadbirni bayramdan keyingi kun o‘tkazishi ehtimoli past.
Shuningdek, ChannelNews xabarida buklanadigan iPhone’ning Avstraliya va Xitoydagi sotuvi kechroq boshlanishi haqida so‘z boradi. Bu esa smartfon dastlab faqat AQShda sotiladi degan xulosani to‘liq tasdiqlamaydi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Apple iPhone X modelini eski qurilmalar ro‘yxatiga kiritgani haqida yozgandi.